Jahon

Parijdagi mashhur Luvr muzeyi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar sabab direktori iste’foga chiqdi

Foto: Wikimedia.org

Parijdagi Luvr muzeyi direktori Lavrans de Kar ketma-ket xavfsizlik muammolari va shov-shuvli voqealar fonida lavozimini tark etdi. Uning iste’fosi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan qabul qilindi.

Kunduzgi talonchilik jamoatchilikni larzaga soldi

Mojaroga 2025-yil oktyabr oyida sodir bo‘lgan jasoratli o‘g‘irlik sabab bo‘ldi. O‘g‘rilar atigi sakkiz daqiqa ichida qariyb 88 million yevrolik tarixiy zargarlik buyumlarini olib chiqib ketgan. Hodisa dunyo bo‘ylab rezonans uyg‘otib, muzey xavfsizlik tizimidagi jiddiy kamchiliklarni fosh etdi.

Suv toshqinlari va shikastlangan eksponatlar

Oradan ko‘p o‘tmay, noyabr oyida muzey Misr bo‘limi kutubxonasida suv sabab 300–400 ta noyob kitob va hujjat zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Fevral oyida esa yana bir suv sizishi oqibatida zallardan biridagi XIX asrga oid shift tasviri shikastlandi.

Bu hodisalar rahbariyat faoliyatiga nisbatan tanqidlarni yanada kuchaytirdi.

Ko‘p yillik firibgarlik sxemasi ham fosh etildi

Tekshiruvlar davomida Luvr deyarli 12 million yevrolik zarar keltirgan ko‘p yillik moliyaviy firibgarlik sxemasidan jabr ko‘rgani ham aniqlandi. Bu esa muzey boshqaruvi atrofidagi bosimni yanada oshirdi.

Shunga qaramay, Prezident Makron Lavrans de Karga xizmatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Yelisey saroyi bayonotida uning iste’fosi “mas’uliyatli qadam” sifatida baholangan.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, dunyodagi eng yirik muzey hozir tinch muhit va xavfsizlikni mustahkamlash, modernizatsiya hamda “Luvr – Yangi Renessans” loyihasini amalga oshirishga qodir yangi rahbariyatga muhtoj.

Bayonotda, shuningdek, Lavrans de Kar kelgusida Fransiyaning G7ga raisligi doirasida yirik muzeylar o‘rtasidagi hamkorlik masalalarida faoliyatini davom ettirishi qayd etilgan.

Javob berish

Eng köp öqilgan maqolalar

Exit mobile version