O‘zbekiston
Romitanda bankir kredit ajratishga rozilik berish uchun pul talab qilgan payti ushlandi

Buxoro viloyatida kredit va subsidiya ajratib berish va’dasi bilan fuqarolardan pul talab qilgan shaxsning noqonuniy harakati fosh etildi.
AT “Xalq banki”ning Romitan standart bank xizmatlari markazi sho‘ba mudiri xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarolardan birining ishonchiga kirgan. U boshqa tijorat bankida ishlovchi tanishlari orqali 800 million so‘m miqdorida kredit olib berishini aytib, buning evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazildi. Natijada sho‘ba mudiri so‘ralgan mablag‘ning bir qismini — 1 000 AQSh dollarini uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Shu tariqa uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28,192 prim 9-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Biroq Buxoroisharif.uz muxbiri qo‘lga kiritgan skrinshotda Xalq banki Kommunikatsiyalar va marketing departamentining Telegramdagi rasmiy kanali orqali DXX tarqatgan ma’lumotni xato deb chiqqani aks etgan.
Rasmiylarning ishontirishicha, ushbu xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, chunki xodim mehnat ta’tilida va Toshkentda bo‘lgan.
Ammo ushbu xabar joylashtirilganidan bir necha soat o‘tib o‘chirib tashlandi. Xulosa qilib shuni aytish mumkin-ki, bankning yuqoridagi xabarining o‘zi noto‘g‘ri bo‘lgan.
So‘nggi paytlarda kredit va subsidiya masalasida fuqarolarning ishonchidan foydalanib, “tez va oson hal qilib berish”ni va’da qilayotganlar ko‘paygani kuzatilmoqda. Afsuski, ayrimlar xizmat mavqeidan foydalanib, noqonuniy daromad orttirishga urinmoqda.
Biroq bunday harakatlar baribir fosh etilmoqda va qonuniy javobgarlikdan qochib qutulishning imkoni yo‘q. Huquq-tartibot idoralari kredit va subsidiya ajratish jarayonlari aniq tartibga solinganini, bu borada hech qanday “vositachi” yoki “tezlashtiruvchi” xizmatlar mavjud emasligini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislar fuqarolarga shuni eslatadi: har qanday davlat krediti yoki subsidiya rasmiy tartib asosida, ochiq va shaffof mexanizm orqali ajratiladi. Kimdir buning evaziga pul talab qilsa, bu jinoyat alomatidir. Bunday holatlarga duch kelgan shaxslar darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi zarur. Zero, ogohlik — moliyaviy xavfsizlikning eng muhim kafolatidir.