Islom
Valiy zot huzuriga bir yigit kelib, otasidan shikoyat qilibdi

Valiy zot huzuriga bir yigit kelib, shikoyat qildi: Ko‘p narsam yo‘q. Otamga aytsangiz, menga ham mol-mulkidan ulush bersin. Sizga hurmati baland, gapingizni ikki qilmaydi.
– O‘g‘lim, boriga qanoatli bo‘l. Holingga shukr qil, – deb nasihat qildi u zot.
Biroq yigit nasihat eshitadigan holatda emas edi: Mehnat-mashaqqat ichidaman, qanday shukr qilay?, – deya e’tiroz bildirdi.
Hazrat yigitga achinib qaradi-da unga shudnay dedi:
– Alloh taollo seni och qoldiryaptimi o‘g‘lim?
– Yo‘q, unchalikmas, – javob berdi boyning o‘g‘li.
– Nima xohlayapsan unda?
– Bir oz boyligim bo‘lsa yomonmi, hazrat? Men ham boshqalardek rohat-farog‘atda yashasam deyman.
– Musulmonsan-a o‘g‘lim?, – so‘radi hazrat.
– Alhamdulilloh, – dedi yigit shosha-pisha.
– Tinch, obod yurtda yashayapsan, to‘g‘rimi?
– Beadad shukr hazrat.
– Ko‘zlaring ko‘ryaptimi?
– Juda yaxshi ko‘ryapti.
– Quloqlaring eshityaptimi?
– Ha, hazrat.
– Qo‘l-oyog‘ing yaxshi ishlaydi-a?
– Ha, ha.
-Yuragingda, oshqozoningda yo boshqa a’zoingda og‘ir kasallik yo‘q, shundaymi?
– Xudo saqlasin, hazrat.
Bu javobdan keyin valiy zot tabassum qildi.
– Yana nima xohlaysan bolam, sendagi bu ne’matlarga muhtoj odamlar ozmi bu dunyoda? Shukr qilishing uchun shuning o‘zi yetmaydimi…
Yigit xatosini tan oldi va shunday dedi:
– Bundan buyon Xudo xohlasa, holimdan aslo shikoyat qilmayman!.
Yuqoridagi rivoyatda shuni anglashimiz kerak-ki, biz insonlar hamisha Allohni bergan ne’matlariga shukronalik bilan yashashimiz darkor…
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi