Buxoro yangiliklari

Buxoroda o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 204 mingdan ortiq fuqaro qatnashdi

Foto: Telegram (@Jamol_Nosirov)

Navro‘z bayrami va muborak Ramazon oyini munosib kutib olish munosabati bilan 13–14 mart kunlari mamlakat bo‘ylab “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hasharlari o‘tkazildi.

Bu tadbirlar Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamda tashkil etilib, deyarli barcha mahallalarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ikki kun davomida viloyatdagi 516 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tozalik ishlari olib borildi. Mahallalar, maktab va bog‘chalar, turli tashkilotlar hududi, ko‘p qavatli uylar atrofi, guzar va xiyobonlar, ziyoratgoh hamda qabristonlarda tartibga keltirish ishlari bajarildi.

Hasharda 204 mingdan ortiq aholi faol qatnashdi. Natijada 1025 gektar hudud tozalandi, 682 tonna maishiy chiqindi olib chiqildi. Shuningdek, 582 kilometr ariq va lotoklar tozalanib, suv o‘tishi yaxshilandi. Bu ishlar uchun 728 ta maxsus texnika jalb qilindi.

Yashil hududlarni parvarishlashga ham e’tibor qaratilib, 186 mingdan ortiq daraxtlarga shakl berildi. Bundan tashqari, 662 ta qabriston va 42 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi. 2260 ta ko‘cha tozalandi, 512 ta bolalar maydonchasi ta’mirlandi.

Hashar faqat obodonlashtirish bilan cheklanib qolmadi. Shu kunlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ham yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 5818 ta oilaning uy-joyi ta’mirlanib, jami 24 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda ta’mirlash ishlari bajarildi. Yana 976 ta oilaga moddiy yordam berildi.

Bunday hasharlar mahallalarni toza va ko‘rkam qilish bilan birga, odamlar o‘rtasida hamjihatlik, mehr-oqibat va qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Javob berish

Eng köp öqilgan maqolalar

Exit mobile version