O‘zbekiston
Buxorolik 1-bosqich talabasini Turkiyada jinsiy xizmat ko‘rsatish uchun sotib yubormoqchi bo‘lgan guruh ushlandi

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mudhish jinoyatning oldi olindi. O‘zganing taqdirini pulga baholagan jinoiy guruh a’zolari endi qonun oldida javob beradi.
Joriy yilning mart oyi boshida, tunda Samarqand xalqaro aeroportida o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbiri doirasida shubhali guruh to‘xtatib qolindi.
Aniqlanishicha, 1 nafar Turkiya fuqarosi va uning 3 nafar o‘zbekistonlik sheriklaridan iborat jinoiy guruh o‘zaro til biriktirgan holda, Buxoro viloyatidagi oliygohlardan birining 1-bosqich talabasini mo‘may daromad evaziga Turkiyaga yubormoqchi bo‘lgan.
Maqsad — shahvoniy ekspluatatsiya
Jinoyatchilar yosh qizning soddaligi va ishonchidan foydalanib, uni Istanbul shahriga olib borib, u yerda shahvoniy ekspluatatsiya qilishni rejalashtirishgan. Biroq, huquq-tartibot idoralari xodimlarining ziyrakligi tufayli qiz aeroportda ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtida qutqarib qolindi.
“Tadbir davomida ashyoviy dalil sifatida xorijga chiqish pasportlari va avia chiptalar olib qo‘yildi”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Buxoroisharif.uz ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi (Odam savdosi, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchilar
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Huquq-tartibot idoralari fuqarolarni atrofga befarq bo‘lmaslikka va shubhali holatlarga duch kelganda quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qilishga chaqiradi:
- 71-231-55-54
- 77-353-55-00
- Telegram bot:
@stopnarko_bot