Sport

Buxoroda V xalqaro uloq-ko‘pkari turniri o‘tkazildi

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Kuni kecha Buxoro tumanida o‘tkazilgan uloq-ko‘pkari bo‘yicha V xalqaro turnir yuqori saviyada tashkil etilib, milliy sportimizga xos shiddat va jo‘shqinlik bilan o‘z nihoyasiga yetdi.

Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan jamoalar ishtirok etib, o‘zaro kuch sinashdi. Turnir davomida maydonda haqiqiy sport kurashi, jasorat, epchillik va chidamlilik namoyon bo‘ldi. Har bir jamoa g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga solib, murosasiz bahslar olib bordi.

Ayniqsa, yakuniy bosqichlar tomoshabinlarga yuqori darajadagi hayajon va unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Uloq-ko‘pkari — xalqimizning asrlar davomida shakllangan, mardlik, jasorat va jamoaviylikni o‘zida mujassam etgan milliy sport turi sifatida ushbu turnirda yana bir bor o‘zining betakror jozibasini namoyon etdi.

Musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki milliy qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi muhim madaniy tadbirga ham aylandi. Turnir jarayonlarini Botir Zaripov, Sarvar Mamayusupov hamda Shahrillo Mahmudovlar kuzatib bordi.

Ular tomonidan musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilarning tayyorgarligi va sportga bo‘lgan yuksak e’tibori alohida e’tirof etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, keskin va murosasiz kechgan bahslar natijasida 3-o‘rin O‘zbekiston jamoasiga, 2-o‘rin Qirg‘iziston jamoasiga, 1-o‘rin esa Qozog‘iston jamoasiga nasib etdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tantanali ravishda taqdirlanib, ularga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ushbu xalqaro turnir milliy sportimizni keng targ‘ib etish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda turli davlatlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version