Salomatlik

Go‘sht iste’moli demensiya xavfini kamaytiradimi? Tadqiqot kutilmagan natijalarni ko‘rsatdi

Foto: Ghost.io

Yangi ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, go‘sht iste’moli ayrim insonlarda demensiya rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Biroq bu ta’sir hamma uchun birdek emas va asosan genetik omillarga bog‘liq.

Shvetsiyadagi Karolinska Institute olimlari 15 yil davomida 60 yoshdan oshgan 2100 dan ortiq insonni kuzatib, ularning ovqatlanish odatlari va aqliy salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Tadqiqot markazida APOE geni turdi — bu genning ayrim variantlari demensiya xavfini oshirishi bilan ma’lum.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, aynan shu xavfli gen variantiga ega bo‘lgan odamlar orasida ko‘proq go‘sht iste’mol qilganlarda demensiya rivojlanish ehtimoli 55 foizga past bo‘lgan. Biroq bu gen varianti mavjud bo‘lmagan odamlarda go‘sht iste’moli bilan aqliy salomatlik o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik aniqlanmadi.

Shuningdek, tadqiqot go‘sht turi muhim ekanini ham ko‘rsatdi. Qayta ishlanmagan qizil go‘sht va parranda go‘shti ijobiy ta’sir bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, kolbasa, sosiska va vetчина kabi qayta ishlangan mahsulotlar aksincha xavfni oshiruvchi omil sifatida qayd etildi. Qayta ishlangan go‘shtni ko‘p iste’mol qilganlar orasida demensiya xavfi yuqoriroq bo‘lgan.

Olimlar bu natijalarni evolyutsion omillar bilan ham izohlamoqda. Ularning fikricha, ayrim gen kombinatsiyalari qadim zamonlardan shakllangan bo‘lib, ular go‘shtga boy ratsion bilan uyg‘unlashgan bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, go‘sht iste’moli foydali bo‘lishi mumkin, ammo bu foyda individual genetik xususiyatlarga bog‘liq. Shu sababli mutaxassislar muvozanatli ovqatlanish va qayta ishlanmagan mahsulotlarga ustunlik berishni tavsiya qiladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version