Islom

Shukr qilmaymizmi?

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Agar bugun ertalab sog‘-salomat uyg‘ongan bo‘lsak, dunyodagi 330 million insondan baxtliroqmiz. Agar bu tongni tanda dardsiz kutib olgan bo‘lsak, ayni damda 1 milliard insondan omadliroq ekanmiz. Urush tahlikasi va xavf-xatarsiz, hayotingizga tahdidsiz kun kechirayotgan bo‘lsak, dunyodagi 500 million insondan baxtliroqmiz. Muzlatgich va javonlarimizda oziq-ovqat, egnimizda kiyimimiz va tunda uxlash uchun uyimiz bo‘lsa, bu olamdagi 3 milliard insonlar bizga havas qiladi. Cho‘ntagimizda yoki hisobimizda pulimiz bo‘lsa, dunyodagi omadi kulgan 1 milliard insonlardan birimiz. Bugungi kunda siz namoz o‘qib turibsizmi, dunyodagi 4 milliard iymonsizdan biri emasmiz. Ota-onamiz, zavjalarimiz va farzandlarimiz yonimizda, oilamiz ahil va tinch bo‘lsa, biz dunyodagi juda noyob insonlar qatorida o‘z o‘rnimizga egamiz.

Shunday ekan shukr qilmaymizmi?! Albatta bularning bariga shukr qiling Alloh taolo shokir bandasini sevadi.

“Agar shukur qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U sizlar  uchun rozi bo‘lur” (Zumar surasi, 7-oyat).

Alloh taolo biz bandalarini O‘zining behissob ne’matlaridan bahramand qilgan ekan, U o‘z navbatida ana shu ne’matlarining shukrini ado etib borishimizga buyuradi. Robbimizning bergan har bir ne’matini katta-kichchik demasdan ularning barchasiga shukur qilishlik biz bandalarning zimmamizdagi burchimizdir. Albatta, Alloh taolo ham ana shunda bizlardan rozi bo‘ladi, insha Alloh.

Allohga hamdu sano aytib, Uning ne’matlarini shukrini ado etish banda uchun ham ibodat va Allohning unga bergan katta mukofotidir. Alloh taolo  bandaga kattami, kichchikmi bir  ne’mat  bersa va banda  uning  shukronasi uchun «Allohga hamd bo‘lsin» desa, shunda u o‘sha  ne’matdan ham  afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi.

Bu sinovli kunlarda bir-birimiz bilan bahamjihad, mehr-oqibatli bo‘lib, sihat-salomatligimizni qadriga yetib yaratganga shukur qilishimiz lozim. Bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ta’kidlaganlaridek:

“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik odamlar uning qadriga yetmaydilar. U sihat- salomatlik va xotirjamlikdur” ( Imom Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Darhaqiqat, Allohning zikri bilan mashg‘ul bo‘lib, toat-ibodatda bardavom bo‘lmoq oxirat obodligiga sabab bo‘lsa, ne’matning shukrini ado etib, kufrona ne’matdan saqlanish ikki dunyo  obodligiga sababdir.

Zero Alloh taolo “Yana Robbingiz e’lon qilgan ( bu so‘zlar) ni eslangiz: Qasamki, agar ( bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta,( ularni yanada) ziyoda  qilurman”, – deb va’da bergan (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Allohning  va’dasi  haqdir! Alloh taolo yurtimizni  tinch, hayotimizni  farovon, turli  samoviy, aroziy  ofatlardan omonda aylab, barchalarimizni O‘zining  rushdu hidoyatida sobitqadam  qilgan  holda O‘zining  shukr  qiluvchi bandalaridan aylasin! 

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version