Islom
Juma kunining ulug‘ligi haqida

Juma – har bir daqiqasi Allohning marhamatiga to‘la bo‘lgan kundir. Ba’zan biz bu kunni boshqa kunlar singari oddiygina o‘tkazamiz, e’tiborsizlik qilib qanchadan-qancha savoblardan bebahra qolayotganimizni anglamaymiz. Binobarin, juma kuni duolar ijobat bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni duolarning ijobat bo‘lishi haqida:
“– Bu kunda shunday fursat borki, musulmon banda namoz o‘qish uchun shu vaqtga duch keladi va Allohdan nimani so‘rasa, istaganini shubhasiz beradi”, – dedilar.
Juma kunining ulug‘ligi – bu salavotlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar uchun eng xayrli kun – juma kunidir. Shunday ekan bu kuni menga ko‘p salavotlar aytinglar, chunki bu kungi salavotlar menga ko‘rsatiladi”, – deb aytganlar.
Yana juma kunining ulug‘ligi – qadamlar ostidan nurlar chiqadi.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim “Kahf” surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi”, – deganlar.
Masjid sari tashlangan har bir qadam nafl ro‘za va ibodat qilganga tenglashtiriladi.
Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki juma kuni g‘usl qilib, masjidga yayov borsa, juma xutbasini chalg‘imasdan eshitsa va namoz o‘qisa, masjid sari bosib kelgan har bir qadami uchun bir yillik nafl ro‘za va nafl tungi namozning ajri beriladi”, – dedilar.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi