O‘zbekiston
Qorako‘lda reyd: noqonuniy saksovul qazib olish holati fosh etildi

Kuni kecha Qorako‘l tumanida ekologik qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida ekopolitsiya tezkor guruhi tomonidan cho‘l hududlarida navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd davomida Qorako‘l tumani cho‘l hududida fuqaro V. A. boshqaruvida bo‘lgan, davlat raqamisiz avtomashina inspektorlar tomonidan to‘xtatildi. Tekshiruv jarayonida transport vositasida o‘rmon fondi yerlaridan noqonuniy qazib olingan saksovul o‘simliklari olib ketilayotganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, unga jarima qo‘llanilib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 27 521 600 so‘m etib belgilandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, saksovul o‘simligi cho‘l hududlarida ekologik muvozanatni saqlashda muhim ahamiyatga ega. U ko‘chma qumlarni mustahkamlab, cho‘llanish jarayonini sekinlashtiradi hamda shamol tezligini kamaytiradi. Natijada chang-to‘zonlar kamayib, havoga zararli zarrachalarning ko‘tarilishi oldi olinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 7 yoshli saksovulzor shamol tezligini deyarli to‘liq to‘xtatish xususiyatiga ega. Bitta saksovul daraxti to‘rt tonnagacha ko‘chuvchi qumni ushlab qoladi. 1 gektar saksovulzor esa yil davomida 1135 kg karbonat angidridni yutib, 835 kg kislorod ajratadi.
Bu kabi reyd tadbirlari tabiiy boyliklarni asrash, noqonuniy kesish va qazib olish holatlariga chek qo‘yish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Fuqarolardan atrof-muhitni asrashga mas’uliyat bilan yondashish va qonunchilik talablariga rioya qilish so‘raladi.