Mashhurlar

“Panoh” filmidagi aktrisa Muborak Jamolxonova hozir qayerda? U nega filmlarda ko‘rinmay qoldi?

Foto: YouTube / RizaNova

Muborak Jamolxonova Ozoda Nursaidovaning “Yor-yor” qo‘shig‘iga ishlangan klipdagi obrazi bilan tomoshabinlar e’tiboriga tushgan. “Panoh” filmidagi Gulnoza obrazi esa unga haqiqiy ma’nodagi mashhurlikni olib kelgan. Aktrisa bir necha yillardan buyon kinodan uzoqlashgan, uning bugun nimalar bilan band ekani ko‘pchilikka qiziq. Muborak “MY5” telekanalidagi “Efirda To‘raxonov” ko‘rsatuvida 12 yillik tanaffusdan so‘ng muxlislariga ko‘rinish berdi. Daryo shu haqida yozmoqda.

“Eng oliy rolni ijro etib kelyapman”​​​

— O‘tgan davr davomida asosan oilam bilan ovora bo‘ldim. 12 yildan buyon eng muhim onalik rolini ijro etib kelyapman. Bu maqomga erishganimga 16 yil bo‘ldi. Hozirgi kunda uch nafar farzandim bor. Katta farzandim 16, kichigi esa besh yarim yoshda.

“O‘tgan umrimdan afsuslanmayman”

— Shuncha vaqt bir zumda o‘tib ketibdi. Odamning ishongisi ham kelmaydi. Lekin o‘tgan umrimdan hech ham afsuslanmayman. Chunki chiroyli oilam, uch nafar farzandim bor.

Ayol uchun birinchi o‘rinda oila turadi. Qolgani sekinlik bilan bo‘laveradi. Faoliyatimdagi uzoq yillik tanaffusdan hech narsani yutqizmadim, qaytaga yutdim. Oila muqaddas, bunday deyishimga sabab tanishlarim orasida hamma narsasi bo‘la turib, lekin farzandlari, oilasi yo‘qlarini ko‘rganman. Umr o‘tib ketdi, endi uni ortga qaytarishning iloji yo‘q. Aynan shuning uchun ham o‘tgan umrimdan afsuslanmayman, deydi u. 

Ma’lumot uchun, Rustam Sa’diyevning “Panoh” filmi 2007-yilda tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Filmda bosh rollarni Ulug‘bek Qodirov, Farrux Soipov, Gulchehra Eshonqulova va Muborak Jamolxonovalar ijro etgan.

Film syujetiga ko‘ra, tez-tez bo‘lib turadigan tahdidli qo‘ng‘iroqlardan xavotirga tushgan obro‘li tadbirkor Bahodir aka o‘z oilasi va ayniqsa ikki qizining xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘l ostida ishlaydigan Akmalning zimmasiga ishonchli tansoqchilar topishni yuklaydi. Shu tarzda yaqindagina qamoqdan chiqqan Sanjar va armiyadan qaytgan Elyor ana shu xonadonda bir-biri bilan ro‘baro‘ kelishadi…

Muborak Jamolxonova, shuningdek, “Qaysarlar”, “Firibgar” va “Er bermoq jon bermoq” filmlarida ham turli rollarni ijro etgan. 

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version