Hodisalar
Peshkuda 717 mln so‘mlik noqonuniy baliq ovlash holati fosh bo‘ldi

Ekopolitsiya xodimlari tomonidan Peshku tumani hududida joylashgan Qoraqir tabiiy suv havzasida ekologik nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd davomida Qorako‘l tumanida yashovchi 3 nafar fuqaro tomonidan taqiqlangan to‘r yordamida noqonuniy baliq ovlash holati aniqlandi. Ular tomonidan 342 dona zog‘ora baliq, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 2 dona Turkiston mo‘ylovdori balig‘i ovlangani, shuningdek, 3 dona kulrang g‘oz tuxumi borligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan baliqlar ekspertizaga yuborildi. Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan xulosaga ko‘ra, fuqarolar tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 717 000 000 so‘m etib baholandi.
Huquqbuzarlik bo‘yicha 344 dona baliq hamda taqiqlangan ov vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, yuqori turuvchi organlarga yuborildi. Ayni paytda tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.