Özbekiston
Alloh taolo xabar beradi: Xazinangdan bir qismini Mening huzurimga omonat qo‘y. U na yonadi, na cho‘kadi va na o‘g‘irlanadi

Alloh taolo xabar beradi. Hadisi qudsiyda: “Ey Odam farzandi! Xazinangdan bir qismini Mening huzurimga omonat qo‘y. U na yonadi, na cho‘kadi va na o‘g‘irlanadi. Nihoyatda muhtoj bo‘lganingda uni o‘zingga bekamu-ko‘st qaytaraman” (Bayhaqiy Hasan Basriydan (r. a.) rivoyat etganlar).
Xulosa shuki, omonatga xiyonat qilmaydigan odamlarni juda yaxshi ko‘rib, hurmat qilamiz. Ularning ko‘ngliga bu tuyg‘uni solgan Alloh emasmi? Omonatga xiyonat qilmaydiganlarning eng buyugi ham Allohdir.
“Xazinaning bir qismi” – molning hojati asliyadan ziyodasini Allohning “huzurida omonat qo‘yish”dan murod esa, shu ziyoda qismni haq joylarga, haqdorlarga, muhtojlarga ehson qilib berishdir. Alloh rizosini qasd etib berilgan ehsonlar yo‘q bo‘lib ketmasdan u dunyoda, ayniqsa, mo‘min savoblarga nihoyatda muhtoj bo‘lib qolgan holatda bekamu-ko‘st, mukammal qilib qaytarilishi bildirilmoqda.
Maqsad saxovatni, Alloh yo‘lida ehson etishni tashviq va targ‘ib qilishdir. Mo‘min hadisi qudsiydan “Mening huzurimga omonat qo‘yki, u na yonadi, na cho‘kadi va na o‘g‘irlanadi” jumlasini chuqur o‘ylab ko‘rib xulosa chiqarishi darkor.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi