Islom
Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Yolg‘on gapirganlari uchun ularga oxiratda alamli azob bordir”

Alloh taolo bu dunyoni imtihon dunyosi qilib yaratgan. Bilamizki, hayotda yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va qabohat, adolat va zulm aralash uchraydi. Inson esa, Alloh taoloning ko‘rsatmalari asosida doimo aqlini ishlatib, yaxshini yomondan ajrata olishi lozim.
Insonlar badanidagi moddiy va jismoniy xastalikka e’tibor beradilar-u, qalb va ruhdagi dardlariga beparvo bo‘ladilar. Aslida moddiy xastalikdan ko‘ra ma’naviy kasallik xavfliroqdir. Chunki badandagi dard odamning bu dunyoda muvaqqat umriga zarar yetkazishi mumkin. Qalb xastaligi esa, ikki dunyosiga ham hasrat-nadomat keltiradi.
Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ularning dillarida xastalik bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi. Yolg‘on gapirganlari uchun ularga (oxiratda) alamli azob bordir” (Bakara surasi, 10-oyat).
Ushbu oyati karima inson qalbida ko‘plab kasalliklar bo‘lishini bayon etdi. Qalb kasalliklari ichida eng xavfli, zararli va yomonrog‘i – hasaddir.
Hasad insonni hidoyatdan to‘sib, zalolatda davom etishiga ham sabab bo‘ladi. Hasadning eng yomon ofati shuki, hasadgo‘y Allohning taqsimotiga e’tiroz qilgani uchun, Uning g‘azabiga duchor bo‘ladi. Chunki hasadgo‘y o‘zicha, Alloh taolo o‘z mulkidan xoxlagan bandasiga ko‘proq, xohlagan bandasiga kamroq berishini adolatsizlik deb baholaydi. Natijada, o‘zi o‘sha ne’matlardan ham qilgan amalining savoblaridan ham mahrum bo‘ladi.
Hasan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hasaddan saqlaning! Chunki olov o‘tinni yegani kabi, hasad ham yaxshi amallarni yeb tugatadi”, – deganlar.
Alloh taolo barchamizni qalb xastaligi bo‘lmish hasad ofatidan O‘zi asrasin, qanoat va shukronalik ne’matiga bardavom aylasin!
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi