Buxoro yangiliklari
Buxoroda zargarlik buyumlarini chegaradan noqonuniy olib kirishga urinishlar fosh etildi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli “Olot” va “Buxoro aeroporti” chegara bojxona postlarida zargarlik buyumlarini yashirincha olib kirishga doir ikki holat aniqlandi.
“Olot” postida “Turkmaniston – O‘zbekiston” yo‘nalishida piyoda kirib kelgan fuqaro chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazilib, skaner orqali 310 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tayotgani fosh etildi.
“Buxoro aeroporti” postida esa “Turkiya – Buxoro” reysi bilan kelgan fuqaroning yuklari orasidan bojsiz olib kirish me’yoridan ortiq — 108,3 gramm zargarlik buyumlari borligi aniqlangan.
Har ikki holat bo‘yicha umumiy qiymati 501 million so‘mdan ortiq zargarlik buyumlari vaqtincha saqlovga olinib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.