O‘zbekiston

O‘zbekistondagi ikkita kompaniya Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi

Foto: Stat.uz

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu korxonalar paxta sellyulozasini Rossiyaning harbiy-sanoat korxonalariga yetkazib beradi.

Yevropa Ittifoqi (YI) konsulligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab yangi — 20-sanksiyalar paketini tasdiqladi. Bayonotda mazkur cheklovlar so‘nggi 2 yil ichidagi eng yirik paket hisoblanishi keltirilgan, deya yozmoqda DW.

Yangi paketga ko‘ra, Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksi bilan bog‘liq 58 ta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llanildi. Ular orasida Xitoy, BAA, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Belarusda joylashgan 16 ta tashkilot ham bor.

O‘zbekistonning 2 ta kompaniyasi — “Farg‘ona kimyo zavodi” MChJ va “Raw Materials Cellulose” MChJ ham Yevropa ittifoqining 20-paketi doirasidagi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Aytilishicha, Farg‘ona va Jizzaxda joylashgan har ikki kompaniya paxtadan sellyuloza ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Mazkur korxonalar paxta sellyulozasini Rossiyaning harbiy-sanoat korxonalariga (porox ishlab chiqarish uchun) yetkazib berishganlikda gumonlangan.

Xabarga ko‘ra, avvalroq Farg‘ona Kimyo Zavodini nazorat qiluvchisi sifatida o‘zbekistonlik tadbirkor deyilgan va 3 ta davlat fuqaroligiga ega Rustam Mo‘minov YI ning 19- paket sanksiyalariga kiritilgan.

Shuningdek, yangi sanksiyalar ro‘yxatiga 120 nafar jismoniy va yuridik shaxslar ham bor. Cheklovlar Rossiya iqtisodiyotining urushni moliyalashtirayotgan asosiy tarmoqlariga qaratilgan.

Sanksiyalar doirasida Rossiyaning “soya floti” ro‘yxati yana 46 ta kema bilan kengaytirildi. Tankerlar savdosida ishonchlilik tekshiruvlari joriy etildi. YI mamlakatlarida Rossiya muzqayorarlari hamda suyultirilgan tabiiy gaz (STG) tashuvchi tankerlariga texnik xizmat ko‘rsatish taqiqlanadi. 2027-yildan boshlab esa Rossiya bilan bog‘liq kompaniyalarga STG terminallari xizmatlari ko‘rsatilmaydi.

Bundan tashqari, Tuapse va Murmansk portlari, 20 ta rus banki hamda uchinchi davlatlardagi to‘rtta moliyaviy muassasa bilan tranzaksiyalar taqiqlanadi. Kriptoaktivlar sohasida ham cheklovlar joriy etilib, A7A5 steyblkoini va RUBx kriptovalyutasi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. YI kompaniyalariga raqamli rublni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash ham man etildi.

YI, shuningdek, sonli dasturiy boshqaruvga ega stanoklar va radioqurilmalarni Qirg‘izistonga eksport qilishni taqiqladi. Bayonotda qayd etilishicha, bunday mahsulotlar ko‘pincha ushbu davlat orqali Rossiyaga yetkazib beriladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version