Islom

Qur’oni Karim bu dunyo hayoti odamzodning “imtihon joyi” deb ta’riflanadi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Bu dunyo hayoti oxirat saodatiga erishish uchun vositadir. Hayotning barcha sohasi, oilaviy sharoit, bozor, ishxona, choyxona yoki parlament va hokazo – barchasi kishilarning imtihon joylaridir.

Ankabut surasida shunday deyilgan: “Odamlar: “Iymon keltirdik”, deyishlari ila sinalmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi? Va, batahqiq, Biz ulardan oldingilarni ham sinovdan o‘tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo‘lganlarni ham bilajak, yolg‘onchilarni ham bilajak” (2-3-oyatlar).

Oyatning ma’nosi shuki, ko‘pchilik kishilar “Iymon keltirdik”, deb aytsak, shuning o‘zi kifoya qiladi, biz haqiqat yo‘lida yurgan bo‘lamiz, deb o‘ylaydilar. Ular bu yo‘lda imtihon, sinovga duchor bo‘lishlarini unutib qo‘yadilar. Alloh taolo avvalgi ummatlarini turli sinovlardan o‘tkazgan. Shundan so‘nggina rostgo‘ylar yolg‘onchilardan ajralib chiqqan. Islomda najotga erishish faqat “shu dinga mansubman” deyish bilan bo‘lmaydi, balki kengchilik va qiyinchilik soatlarida Islom ta’limotlariga bir xil amal qilgan kishigina haqiqiy musulmon bo‘ladi. Dunyodagi yaxshilik ham, yomonlik ham aslida imtihon uchundir.

Alloh taolo Muhammad surasida shunday marhamat qiladi: “Va ta’kidki, sizlarni sinarmiz, toki, sizlardan mujohidlarni, sabrlilarni bilsak va xabarlaringizni imtihon etsak” (31-oyat).

Anbiyo surasida: “Sizlarni yomonlik va yaxshilik ila imtihon uchun sinaymiz hamda Bizgagina qaytarilursiz”, deyilgan. (35-oyat).

Mulk surasida esa: “Podshohlik O‘z qo‘lida bo‘lgan Zot barakotli, ulug‘ bo‘ldi. U har bir narsaga o‘ta qodirdir. U o‘lim va hayotni sizlarning qaysilaringiz amalda yaxshiroq ekaningizni sinash uchun yaratdi”, degan oyat bor. (1-2-oyatlar)

Hayotga shunday nazar bilan qarash kishilarda yuksak axloqiy fazilatlarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, insonlar ruhini yomonliklar ustidan g‘olib kelishga tayyorlaydi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version