Islom
Ular jahannam azobidan najot berishini iltijo qilib duo qiladilar. Zero, jahannamning azobi do‘zaxiylardan hech qachon ajralmagay…

“Ular jahannam azobidan najot berishini iltijo qilib duo qiladilar. Zero, jahannamning azobi do‘zaxiylardan hech qachon ajralmagay. Albatta, jahannam eng yomon qarorgoh va eng yomon o‘rindir” [Furqon, 65-oyat].
Aslida, toat-ibodatda jiddu jahd qilish bilan birga, Allohning azobidan qo‘rqish bu barcha mo‘min-musulmonning sifati bo‘lishi kerak. Alloh taolo aytadi: “Ular Allohning azobidan qo‘rquvchi kishilardir. Albatta, Rabbilarining azobidan hech kim xotirjam bo‘la olmaydi” [Maorij, 27-28-oyat].
Alloh taoloning mana bu so‘zlarini tinglab, yana Uning azobidan qanday ham qo‘rqishmasin: “Ey mo‘minlar, Sizlar o‘zlaringizni Alloh buyurgan ishlarni qilish va qaytargan narsalardan tiyilish bilan va ahli-oilangizni o‘tini odamlar va toshlar bo‘lgan do‘zaxdan saqlanglar. U do‘zax ustida, kuch-quvvatlik, rahm-shafqatni bilmaydigan, Allohning amriga aslo xilof qilmaydigan va faqat o‘zlariga buyurilgan ishni bajaradigan maloikalar turadilar” [Tahrim, 6-oyat].
“Ey Payg‘ambar, ayting, haqiqiy ziyonkorlar Qiyomat kunida o‘zlarini va ahli oilalarini to‘g‘ri yo‘ldan ozgani sabab boy bergan kishilardir. Ogoh bo‘lingki, ana shu ochiq-oydin ko‘rinib turgan ziyondir. O‘sha ziyonkor kimsalar uchun jahannamda ustilaridan soyabon shaklidagi olov parchalari, ostlarida ham ayni shunday ko‘rinishdagi olovli to‘shamalar bo‘ladi. Bu azob-uqubat bilan Alloh taolo bandalarini qo‘rqitmoqdaki, ular undan hazir bo‘lsinlar. Ey bandalarim, Mendan qo‘rqinglar” [Zumar, 15-16-oyat].
Tabiiyki, do‘zax azobidan qo‘rqish o‘z-o‘zidan kishining qalbiga joylashib qolmaydi, buni tasavvur qilib, xayolga keltirish lozim. Do‘zax haqida kelgan xabarlarni bilish esa, uni tasavvur etishni osonlashtiradi.
Alloh taolo dedi:
“Uning yettita eshigi bor, har bir eshik ikkinchisidan pastroqda joylashgan. Har bir eshik uchun Iblisga ergashgan kimsalardan – ularning amallariga qarab – ulush-nasiba bordir” [Hijr, 44-oyat].
Uqba ibn Abdussalamiy roziyallohu anhu aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlarini eshitdim: “Jannatning sakkizta eshigi bor, do‘zaxning esa yettita eshigi bor”.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Yoqayotgan bu olovingiz do‘zax haroratining yetmishdan bir bo‘lagidir”. Sahobalar: “Allohga qasamki, shuni o‘zi bo‘lganda ham yetardi”, deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Do‘zaxdagi o‘tga yana oltmish to‘qqiz barobar ziyoda qilingan, har biri o‘shancha issiqlikdadir”, dedilar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Do‘zaxga ming yil o‘t yoqildi. U qip-qizil bo‘ldi. So‘ng unga yana ming yil o‘t yoqildi. U oppoq bo‘ldi. So‘ng unga yana ming yil o‘t yoqildi. U qop-qora bo‘ldi. Do‘zax zulmatli tundek qop-qoradir”, deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Do‘zax olovini mana bu olovingiz kabi qizil deb o‘ylayapsizlarmi? U qora saqichdan ham qoraroqdir”.
Xolid ibn Umayr aytadi: Utba ibn Gʻazvon roziyallohu anhu xutba qilib dedi: “Do‘zaxning chetidan bir toshni tashlab yuboriladi va u yetmish yilda ham uning qa’riga yetolmaydi, Allohga qasamki o‘sha do‘zax insonlar bilan to‘ldiriladi, bundan ajablanyapsizlarmi?”.
Hasan Basriy rohimahulloh dedi: Umar roziyallohu anhu aytar edilar: “Do‘zaxni ko‘p-ko‘p eslab turinglar, uning harorati o‘ta issiq, qa’ri tubsiz va gurzilari temirdir”.
Alloh barchamizni O‘zining fazli-marhamati bilan do‘zax o‘tidan saqlasin!
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi