Mashhurlar

“Durdona Qurbonova bilan ijro etgan rolimdan afsuslanaman” – aktyor Shahzod Sultonov

Foto: Daryo.uz

Mashhur san’atkorning farzandi, boks bilan professional shug‘ullanuvchi, o‘zbek shou-biznesidagi taniqli bo‘ydoq aktyor Shahzod Sultonov bu yil 30 yoshni qarshiladi. Hamkasblarining ba’zilari bilan aloqani butkul uzgan, san’atdagi eng yaqin do‘sti bilan orani ochiq qilgan, xonandalik faoliyatini ham olib boradigan aktyorning hayoti va ijodiga Daryo nazar soldi.

“Otam bokschi bo‘lishimni istagandi”

U xonanda Oybek Sultonov oilasida kenja farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Otasi o‘z davrining mashhur xonandasi bo‘lishiga qaramay, kenja farzandining sportchi bo‘lishini orzu qilgan.

— Otam juda kichikligimdan boshlab boks bilan shug‘ullanishimni istagan. Mahallamizda boks bo‘lmagani uchun avvaliga muay-tay sport turi bilan shug‘ullanganman. U paytda sportni his qilganmanmi, yo‘qmi bilmadim. Ammo keyinchalik sport hayotimning bir bo‘lagiga aylangan. Yuqori sinfda o‘qigunga qadar bokschi bo‘laman, deb orzu qilardim. Bolalikda sho‘x bo‘lganman, ammo ko‘cha-ko‘yda urishishni yomon ko‘rardim. Chunki ustozim “Zarbangning kuchini ringda ko‘rsat”, deb ko‘p taʼkidlardi. Maktabdagi baholarim u qadar aʼlo bo‘lmagan, chunki asosiy vaqtimni sport zalida o‘tkazardim, deydi Shahzod Sultonov.

“Moddiy qiyinchiliksiz ulg‘ayganmiz”

Aktyor bolaligi go‘zal o‘tgani, otasi ularning yaxshi yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergani haqida gapirdi.

— Ko‘pchilik ijodkorlar intervyu berganda bolalikda qiynalgani, ishlagani haqida gapiradi. Maqtana olamanki, menda bunday muammolar umuman bo‘lmagan. Otam to‘ylarga borar va topgan daromadini farzandlariga sarflardi. Hech qachon puldan zoriqqanimizni eslolmayman. Kenja farzand bo‘lganim uchunmi meni ko‘proq erkalatishardi. Hozir o‘ylab qarasam, bolaligim shahzodalarga xos o‘tgan. Chunki og‘zimdan chiqqan narsani muhayyo qilishardi, deydi aktyor.

“Sendan aktyor chiqmaydi”

Shahzod Sultonov ustozlarning ishonchsizligi va 3 yil faqat massovka rollarda suratga tushgani haqida gapirdi.

— Sanʼatkor bo‘lishimga oilam hech qachon qarshi bo‘lmagan, sanʼat institutiga o‘qishga kirganimda ham quvonishgan. Ammo hech qayerda otamning nomini sotmaganman. Tabiatan bunday yo‘l tutishni yomon ko‘raman. Ammo ustozlardan birining gapi yuragimga qattiq botgan. “Sendan aktyor chiqmaydi, plastikang yo‘q”, degan. Hali aktyor bo‘lishimni isbotlayman deb qayerda kasting o‘tkazilsa ishtirok etardim. Ammo 3 yilgacha birorta syomkada massovkadan boshqa rolni berishmagan.

Uchinchi kursda bir klipmeyker klipga chaqirgan. “Bitta sahna bor, seni olaman. Faqat u sahna tushdan keyin olinadi”, degan. Xursand bo‘lib yoz chillasida bu sahna suratga olinishini kutib o‘tirganman. Ammo ha deganda u chaqiravermagan. Yoniga borib “Aka, mening sahnam qachon suratga olinadi”, desam “Voy, esimdan chiqibdi-ku, syomka tugadi. Keyingi klipga olaman”, degan. Rosa xafa bo‘lganman, shu qilganingiz uchun ham o‘zim rejissyor bo‘laman, deb ketgandim, deydi aktyor Shahzod Sultonov.

“Sardor Rahimxon meni qo‘llagan”

Aktyor Sardor Rahimxondan minnatdorligi, u sabab ilk katta rolini ijro etgani haqida gapirdi.

— Sardor aka bilan tanishuvimiz juda qiziq bo‘lgan. Institutda magistrlarning diplom ishi namoyish etiladigan bo‘lgan, Sardor Rahimxonni taklif etishgan. O‘sha tadbirda men ham kursdoshim bilan ishtirok etdik va so‘ngida Sardor Rahimxon bilan suratga tushdik. O‘shanda u inson bilan tanishib qolganman. Keyinchalik u inson klipi uchun kasting o‘tkazayotgani haqida eshitib qoldim va telefon raqamini topib qo‘ng‘iroq qildim. Eng qizig‘i, ular meni tanidi, agar rejissyor qarshilik qilmasa, klipida tushishim mumkinligini aytdi. Baʼzilar ishonchsizlik bildirayotgan bir paytda ularning yordam qo‘lini cho‘zgani katta kuch bag‘ishlagan. Sardor akadan odamning ortidan gapirmaslikni va yomon gumonda bo‘lmaslikni ham o‘rgandim, deydi aktyor Shahzod Sultonov.

“Ayollardan takliflar ko‘p bo‘lgan”

Aktyor endi tanilib kelayotgani paytda baʼzi ayollardan “g‘alati” takliflar olgani haqida so‘zlab berdi.

— Bu haqda gapirish noqulay, ammo juda ko‘p ayollar bunday takliflar bergan. Birinchi marta eshitganimda “shok”ka tushganman. Bir opa qo‘ng‘iroq qilgan va muhim masalada gaplashib olishini aytgan. Ijodingiz haqida degani uchun ham kelishilgan yerga borganman. “Sizga prodyuser kerak, pul tikamiz, ko‘taramiz”, deyapti. “Opa, men xonanda emas, aktyorman. Menga homiy kerak emas”, dedim. “Balki mana bunday mashinalar haydashni istarsiz”, dedi. Keyin bilsam, uning taklifi butunlay boshqa mavzuda ekan. Unga “ha” yoki “yo‘q” deb javob berishimning o‘zi kifoya edi.

Afsuski, barmoqlar barobar bo‘lmaganidek, erkaklar orasida ham, ayollar orasida ham bundaylar topiladi. U insonning kasbi bilan bog‘liq emas. Sanʼatda shunday aktrisalarni ham uchratganmanki, erkak kishining ko‘ziga tik qarab gapirmaydi, deydi aktyor Shahzod Sultonov.

“Ota-onam topgan qizga uylanishim mumkin”

— Kattalar baribir ko‘proq narsa ko‘rgan, biladi. Ammo ular ham adashadi. Bu aniq. Qizni ota-onam topsa ham borib, ko‘rishib, qizning qandayligini bilib, keyin bir qarorga kelishim mumkin. Ammo oilamizda “Bizni desang, shu qizga uylanasan” kabi gap-so‘zlar yo‘q va bo‘lmasa ham kerak.

“Aktrisa bilan oila qurishingiz mumkinmi?” deb ham ko‘p so‘rashadi. Albatta mumkin, faqat undan keyin sanʼatdan ketishini istayman. Chunki oilali ayolni eridan boshqa erkaklar ko‘rmasligi kerak, u omma eʼtiboridan chetda yurgani maʼqul, deydi u.

Shahzod Sultonov qanday sifatlarga ega qizni turmush o‘rtoqlikka tanlaydi?

— Uchrashuvga chiqqanda qizning chiroyiga, albatta, qarayman. Ba’zi yigitlar menga chiroyi shart emas, deydi. Ammo men buni yashirmayman, chunki didimga mos kelishi kerak. Dunyoqarashi, fe’l-atvoriga ham e’tibor beraman. Ayol qanday bo‘lishi kerak? Avvalo, gapini o‘ylab gapirsin. Savol berganda ma’noli savol bersin, bo‘lar-bo‘lmas emas. Ayollik chegarasidan hech qachon chiqishi kerakmas.

Ba’zi qizlar borki, hech qanday uy yumushi qo‘lidan kelmaydi. Men erkak bo‘lsam ham uydagi ishimni ham, ko‘chadagi ishimni ham o‘zim qilaman. Sport kiyimlarimni ham kir yuvish mashinasiga o‘zim solaman. Biror joy chang bo‘lsa, o‘zim artib, tozalayman. Agar to‘ydan keyin ham shunday yashasam, uylanganimdan nima ma’no? Qisqa qilib aytganda, erkak ham ayol o‘z vazifasini bilishi shart, deydi aktyor.

Aktyor necha marta uchrashuvga chiqqan?

— Hech qachon uchrashuvga chiqmaganman. Intervyularda doim aytaman, hali biror marta ham uchrashuvga chiqib ko‘rmaganman, deydi Shahzod Sultonov o‘tgan yili bergan intervyularining birida.

“Ko‘zim ko‘rmay qoladi, deb qo‘rqqandim”

Aktyor 2023-yilda Andijonda boks bo‘yicha katta jang o‘tkazdi. Jang uning g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa-da, u ko‘zidan jiddiy jarohat oldi.

— Aktyorlikda yuz muhim ahamiyatga ega, boksda esa u birinchi galda nishonga olinadi. Tavakkal qilib, jangga rozi bo‘ldim. Ammo jang oldi bu aktyorlik karyeramga jiddiy xavf solishi haqida ko‘p gapirishdi. Bundan tashqari, ko‘pchilik insonlar ishonchsizlik bildirishdi. “Aktyor-ku, eplay olmaydi”, deganlar ko‘p bo‘ldi. Jangda yutsam ham, yutqazsam ham odamlarga “mavzu” bo‘lishimni bilardim.

Raqibimning zarbasidan ko‘ra, himoyasi kuchli ekan, bu meni ancha charchatdi. Yuzimdan ikkita jiddiy zarba oldim, yuzim uvishib hech narsani his qilmay qoldi. Undan keyin bir ko‘zim xiralashib, asta shishib, umuman ko‘rmay qoldi. Ammo jang mening g‘alabam bilan yakunlandi. “G‘olib bo‘la olmaysan”, deb yuzimga yoki ortimdan aytganlar oldida yuzim yorug‘ bo‘lganidan juda quvondim, ammo ancha vaqtgacha syomkalarda ishtirok etolmadim. Eng yomoni, ko‘zim ko‘rmay qolsa-chi deb qo‘rqqandim, deydi aktyor Shahzod Sultonov.

Do‘stlarning ayrilishiga pul sababmi?

Shahzod Sultonov va Shohrux Hamdamov ham bir paytlar yaqin do‘st bo‘lgan. Ammo hozirda moliyaviy kelishmovchilik sabab ularning munosabati buzilgan.

— Shohrux o‘zi suratga olayotgan filmiga taklif etgan. “Ulug‘bek Qodirov va Farrux Soipov ‘Oshiqlarʼ filmida birga suratga tushib, fayz olgan. Biz ham bir filmda suratga tushaylik”, degan. Rozi bo‘lganman. Ammo gonorar keyinroq berilishini aytgandi. To‘g‘ri, syomkaga borganimda yo‘l puli berilgan, ammo umumiy summa keyinroq berilishini aytgan. Suratga olish ishlari yakunlanganidan keyin avariyaga uchrab qoldim.

Ertalab tonggi 04:00 da Shohruxga qo‘ng‘iroq qildim. Chunki o‘sha paytda pul kerak edi. “Haligi puldan berasanmi? Avariyaga uchradim”, desam hol-ahvol so‘rab, “Yo‘q, hozir u pulni ololmaymiz, hisobga tushmagan. Keyinroq oldingga o‘taman”, dedi. Ammo u film ijodkorlaridan hech kim kelmadi va gonorarimni ham bermadi. Aslida, bu gapni aytmoqchi emasdim. Faqatgina ko‘rsatuvda sherdan qo‘rqqanim uchun bunga majbur bo‘lganman, deydi aktyor.

“Do‘stlarim yetarlicha ko‘p”

— Ko‘z tegmasin, har sohada do‘stlarim, yaqinlarim ko‘p. Sportchi do‘stlarim boshqa dunyo, mahalladagi o‘rtoqlarim boshqa dunyo. Aktyor tanishlarim o‘zga olam. Barchasining o‘zining gashti bor. Hayotimda bo‘lgan hamma vaziyatlar ularning qanchalik chin do‘stligini oqlab bergan. Boshimga ish tushib qolgan paytlarda o‘zim so‘ramasam ham yordam takliflarini berishgan. Va xuddi shunday men ham ularga hech qachon yo‘q demayman. Oqibatimizga ko‘z tegmasin, deydi u.

“Durdona Qurbonova bilan ijro etgan rolimdan afsuslanaman”

Aktyor “Hindi shou” loyihasida suratga tushgan rolidan uyalishi va iloji bo‘lsa uni umuman ko‘rishlarini istamasligini aytib o‘tdi.

— “Hindi shou” loyihasida suratga tushganimdan haligacha afsuslanaman. Unda Durdona Qurbonova bilan rol ijro etib, g‘alaba qozongandik. Ammo unda hind kinosiga taqlid qilib, qo‘l ushlashgan sahnalarimiz bor. Ishonasizmi, ana shu rolni ijro etganim uchun o‘zimni kechirolmayman. Tomoshabinlar iloji bo‘lsa men chiqqan sonni ko‘rmasliklarini istayman, deydi aktyor.

“Umuman salom-alik qilmaydigan hamkasblarim bor”

Aktyor Shahzod Sultonov qanday ayollar bilan gaplashishni istamaydi?

— Hamkasblardan olaylik: syomkaga kelaman, “Motor!” deyilganida rol o‘ynaymiz — majburman. Stop bo‘lganida shunday teskari o‘girilib ketaman, hatto salomlashmayman ham. Avval shunday edi. Hozir esa o‘sha qiz partnyor bo‘lsa, u joyga syomkaga ham bormayman. Ularning salomi ham kerakmas, yuziga ham qaragim kelmaydi. Uzoqroqdan ko‘rib qolsam ham, aylanib o‘tib ketaman. Odamda allergiya bo‘ladi-ku, xuddi shunday allergiya bo‘lib qolganman, deydi ijodkor.

“Dadam — qirol sher, men — Simbaman”

— Hayotda kimga o‘xshashga harakat qilaman degan savolni o‘zimni ko‘p beraman. Men doim dadamga o‘xshashga harakat qilganman! Otam san’atkor ekanini ma’lum paytgacha yashirib kelganman. U san’atni ham, boshqa ishlarni ham yaxshi eplagan. “Qirol sher” multfilmi bor-ku, shundagi qirol sher dadam, kichik Simbani o‘zim deb o‘ylardim. Nega unday o‘ylaganman, haligacha bilmayman. Otam mening qahramonim. Hozir ham uyda yo‘q bo‘lsa, uyimiz huvullab qoladi, deydi aktyor hayotdagi kumiri haqida.

Shahzod Sultonov ota-onasining hurmatini joyiga qo‘yadigan san’atkorlardan. U 2024-yilda ota-onasiga uy, 2025-yilda esa mashina sovg‘a qildi.

Shahzod Sultonov nafaqat aktyor, balki xonanda hamdir. U “Aldaydi”, “Unutdi”, “Ona”, “Gulbahorim” “Xazon” kabi 10 dan ziyod qo‘shiqlar muallifi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version