Hodisalar
Buxoroda YPX xodimi piyodani mashinada urib yubordi

Vobkent tumanida YPX xodimi piyodani urib yubordi. Buni viloyat IIB rasman tasdiqladi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2026-yil 27-aprel kuni soat 09:05 atrofida Vobkent tumanidagi Imom Buxoriy ko‘chasida sodir bo‘lgan. Viloyat YHXB xodimi, 1987-yilda tug‘ilgan Y. Mavlonov o‘ziga tegishli Chevrolet Cobalt avtomobilini boshqarib ketayotib, piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 2009-yilda tug‘ilgan fuqaro S. N. ni urib yuborgan.
Hodisa oqibatida piyoda yengil tan jarohati olgan. Xabar qilinishicha, YPX xodimi jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida uni shifoxonaga olib borgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, xodim hodisa vaqtida xizmat vazifasini bajarayotgan bo‘lmagan, hushyor holatda bo‘lgan hamda avtomobilni boshqarish uchun barcha zarur hujjatlarga ega edi.
Mazkur holat yuzasidan Vobkent tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat to‘liq va xolisona o‘rganilib, yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi bildirilgan.
Shuningdek, rasmiylar ijtimoiy tarmoqlarda hodisa “yopdi-yopdi qilinayotgani” haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi. Yolg‘on ma’lumot tarqatgan fuqaroga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Mutasaddilar barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishga, ayniqsa piyodalar o‘tish joylarida yanada ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.