Mazali
Uyidan ayrilgan, bir o‘limdan qolgan v Netflix filmida rol o‘ynagan aktyor – Ma’ruf Otajonov haqida

Filmlardagi salbiy obrazlari bilan tanilgan, bugungi kunda turk kino olamida tarixiy siymolarni gavdalantirib kelayotgan aktyor va rejissyor Ma’ruf Otajonov shu yilning 3-fevral kuni 65 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Daryo aktyorning hayot va ijod yo‘ligan nazar tashladi.
Ma’ruf Otajonov 1961-yil Tojikistonning Sug‘d viloyati Nov (hozirgi Spitamen) tumanida tavallud topgan. Toshkent davlat teatr institutini tamomlagan.
“Onamning 33 so‘m nafaqasiga o‘qiganman”
— Ona yurtim O‘zbekiston bo‘lsa, ota yurtim Tojikiston. Chunki dadam tojikistonlik, onam o‘zbekistonlik bo‘lgan. Dadamni Nabi polvon deyishardi. Urushga borib, bir qo‘lsiz qaytgan. Shunday bo‘lsa ham bir qo‘lda belkurak ushlab, menga yer ag‘darishni o‘rgatgan. So‘ng dadam 2-sinfligimda qandli diabet sabab olamdan o‘tdi. U yog‘iga onamning qo‘lida katta bo‘ldik. O‘qishda o‘qigan vaqtim onam 33 so‘m nafaqasining 3 so‘mini o‘zida olib qolib, qolgan 30 so‘mini menga berib yuborar edi. Onamning shu 30 so‘m nafaqasiga o‘qiganman. 25 yil davomida Tojikistonga borolmadim. Oxirgi marta onamni ko‘rgani borganimda ular o‘lim to‘shagida edi. So‘nggi lahzada yetib borib, peshonalarini o‘pganimdan so‘ng oxirgi nafasini chiqargan. so‘nggi nafasini kelgunimcha tutib turgan ekanlar. Onam menga bergan 30 so‘m pul nafaqasichalik ularga mehr berolmadim, deb o‘ylayman. Ota-onamni faqat qiynalgan paytimda emas, har kuni namozlarimda eslayman, deydi aktyor.
“Harbiy bo‘lishni orzu qilardim”
— Yoshligimdan harbiy bo‘laman deb sport bilan shug‘ullanishni boshlaganman. Lekin 10-sinfni bitirayotganimda Olim Xo‘jayevning ayoli Shohida Ma’zumova To‘lqin G‘ofurov bilan birga Tojikistonga kelib, aktyorlikda o‘qimoqchi bo‘lgan abituriyentlarni tanlab yurgan ekan. Katta akam futbol o‘ynayotgan joyimdan chaqirib olib, “Toshkentdan domlalar kelibdi teatr institutiga aktyorlikka talabalarni olarkan”, degan. Bormayman, deb aytdim. Akam ustozlarga meni olib boraman deb aytib qo‘ygani uchun rozi bo‘lib bordim. Ustozlarning oldiga borganimda rahmatli Shohida opa “keling bolam”, deganlarining o‘zidayoq yuragim jiz etgan. Chunki juda ham shirinso‘z ayol edilar. Bunday shirin so‘zni biz onamizdan ham eshitmaganmiz-da avval.
— Hamid Olimjonning “Vodiylarni yayov kezganda”sining to‘rt qatorini aytib berganman. Ular she‘r aytish ritmimni tekshirdi, vaholanki, men san’atkorning farzandiligimni bilishmasdi. Shundan so‘ng menga bir haftadan keyin Toshkentga ketishga tayyorgarlik ko‘rishimni aytishdi. “Aktyor bo‘lasiz, sizni hamma taniydigan bo‘ladi”, deyishdi. Bir haftadan so‘ng imtihon topshirish uchun Toshkentga keldim. Javoblar ro‘yxatini qaraganimda ikkita Otajonov M ism-familiyasi turardi. Biri o‘qishga kirgan, biri esa kirolmagan. Imtihondan men yiqilgan bo‘lsam kerak, deb narsalarimni yig‘ishtirib Tojikistonga ketdim. Ikki kundan so‘ng uyga qo‘ng‘iroq qilishib, o‘qishga kirganimni aytishgan. Shu bilan peshona ekan, akam sabab bo‘lib aktyor bo‘ldim va odamlar kelib men bilan rasmlarga tushishyapti. Buning uchun akamga rahmat deyman.
“Rafiqam bilan teatrda tanishganman”
— Ayolimni teatrdan topganman. Mendan ikki-uch kurs kichiklar bilan o‘qigan. Uni teatrga kelganida bir ko‘riboq yaxshi ko‘rib qolganman. Birinchi muhabbat deganlari shu bo‘lsa kerak. Do‘stim Boir Xolmirzayevdan uning yoniga borib gaplashib berishini iltimos qilganman. Boir bo‘lsa “nima qilasan” degandi. Unga uylanaman, deganman. O‘shanda 26 yoshda edim. Xullas, Boir ayolimning yoniga borib meni ko‘rsatib “anavi bolaning sizda gapi bor ekan” debdi.
Ayolim “gapi bo‘lsa, o‘zi kelib gapirsin”, degan ekan. Bir kuni Maqsuda yashaydigan “dom” yoniga borib, uni chaqirdim va unga uylanmoqchi ekanimni baqirib aytdim va qo‘shnilari urishib bermasligi uchun qochib ketdim. So‘ng rahmatli onamga aytib, qizning manzilini berdim. Sovchilikka borilib, nonlar ushatildi. Shu bilan 1986-yil mart oyiga to‘y kuni belgilandi.
“Farzandi yo‘q, degan gaplar tarqalgan”
— Balki, piar uchun shunday gap tarqatishgandir. Bir qizim va bir o‘g‘lim bor. Besh nabiraning bobosiman. O‘g‘limni ham uylantirdim. Qizim bilan o‘g‘limning orasida 10 yosh farq bor. 10 yil farzandli bo‘lmagan vaqtimda balki shu gap-so‘zlar tarqagandir.
“Aktyorlikni sevaman”
— Aktyorlikni va teatrni sevaman. Kinoni xayolimga keltirmay, butun umrimni teatrga baxshida qilganman. Teatrdagi ustozlardan bilim va ko‘nikmalarni butun vujudim bilan o‘rganib aktyor bo‘ldim. Muqimiy teatriga borganimdan birinchi “Tohir va Zuhra”dagi Qorabotirni o‘ynadim. Teatrdagilarning hurmatiga sazovor bo‘ldim. Hamza Umarov bilan birga ota-bola bo‘lib rol o‘ynadim. Fir’avn va Namrudi Lainni o‘ynadim. Odamlar Namrudi Lainning kimligini bilmaydi.U Fir’avndan ham avval ko‘p xudolik davrida yashab o‘tgan.
Qisqasi, spektakllarda rollar o‘ynab, so‘ng rejissyorlik ham qildim. 20 dan ortiq kichik spektakllar sahnalashtirganman. Bir nechta katta spektakllar ham qo‘ydim. Spektaklim qo‘yilgan paytda odamlar oqimi ko‘pligidan hatto eshiklar buzildi. Lekin bir kun kelib rahbar teatrdan meni haydab yuboradi, deb o‘ylamagandim. Teatrga xiyonat qilmadim. Bugun Ma’ruf Otajonov bo‘lishimga teatrning hissasi katta. Bir kuni o‘tirib mendan oldin teatrdan haydalgan Hamza Umarovni, Nasriddin Rustamovlar haqida o‘ylab, endi navbat menga kelganini tushundim.
“Ko‘rinishim va rollarim salbiy bo‘lsa ham odamlar bilan maza qilib gaplashib o‘tirishni yaxshi ko‘raman”
— Filmlarda ko‘p salbiy rollarni o‘ynab bildimki, bunday qahramonlarning yuragida juda katta dardi bo‘lar ekan. Shularni yaxshilik bilan emas, yomonlik orqali isbotlab chiqarishga harakat qilar ekan. Shunday deb o‘ylayman. Tashqi ko‘rinishimda mehribonlik yo‘q bo‘lgani uchun rollarim ham salbiy. Ammo o‘zim insonni tashqi ko‘rinishi va kiyinishiga qarab baho bermayman. Inson bilan bir og‘iz gaplashib, uning dunyosi qanday ekanini bilib olaman. Ko‘rinishim va rollarim salbiy bo‘lsa ham odamlar men bilan maza qilib gaplashib o‘tirishini yaxshi ko‘raman. Hayotda juda ham komik insonman. Lekin buni faoliyatimda ishlatmoqchi emasman. Sababi aktyorlikda yiqqan ampluamni o‘ldirib qo‘yishim mumkin.
“Rollarimdagi salbiylik hayotimga ta’sir qilmaydi”
— Kinolarda vatangado, narkoman kabi salbiy rollarni ijro etishim mumkin. Lekin bu obrazlar hayotimga ta’sir qilmaydi. Chunki obrazlarimning salbiyligini aqlim bilan his qilaman va tomoshabinlarni yaxshi yo‘lga chorlayman. Shunday ekan, qanday qilib obrazlarimni hayotga ko‘chirishim mumkin? Men faqat salbiy obrazlarni ko‘rsatib beraman, xolos.
“60 yoshda uysiz qoldim”
Aktyor intervyularining birida firibgarlik qurboni bo‘lgani, oqibatda uysiz qolgani haqida so‘zlab bergan. Uning aytishicha, filmlardagi rollari evaziga olgan gonorarlarini yig‘ib eski hovli sotib oladi. Uni ta’mirlagandan so‘ng uyning haqiqiy egasi paydo bo‘ladi.Bu voqealardan so‘ng aktyor oilasi ijara uyga chiqib ketishga va bir necha yil davomida shu zaylda yashashga majbur bo‘ladi.
— Hovli-joyim bo‘lgan, 5-6 yil ichida harakat qilib uni yashaydigan holatga keltirdim. Hamma narsa qonuniy edi. Nima sabab bo‘ldi-yu, 6 yil deganda uyni qurib bitirib, qizimni turmushga chiqarib, to‘ydan keyin 3-kun, ya’ni challari kuni uyning “haqiqiy egasi” kelib turibdi, rus odam ekan. Yolg‘on ko‘rsatmalar evaziga sud u tomonga ishladi va men uysiz qoldim. Alamimdan temir lomni qo‘limga olib, uyda o‘zim ishlatgan, o‘zim xarajat qilgan barcha materiallarni mayda-mayda qilib, chilparchin qilib chiqqanman. Sud menga soat 12 gacha chiqib ketishimni aytgan, o‘sha paytda qonunni bilmaganim pand bergan.
Aslida uyni yoqib yubormoqchi edim, yoqsam ham haqqim bor edi, o‘zim qurgan uy edi. Ammo uyning orqa tomonida masjid borligi va qo‘shnilarimga zarar yetmasin deb bu ishni qilmadim. Rossiyaning bir serialida rol o‘ynab, keyin yana bir-ikkita syomkalar orqali shu uyni qurgandim. Rossiya filmidan 18 ming dollar ishlaganman, 2008-yili edi. Uy menga nasib qilmagan ekan, deydi u.
Ijoddagi muvaffaqiyat
Aktyor va rejissyor Ma’ruf Otajonov karyerasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, aktyorni ko‘p qirrali inson ekanini kashf etamiz. Negaki u nafaqat teatr va kinoda o‘ziga xos rollarni ijro etgan, balki, oliy ta’limda ham 18 yil davomida faoliyat ko‘rsatgan. Ko‘plab shogirdlariga sahna mashqlari va kaskadyorlikni ham o‘rgatib keldi. U nafaqat o‘zbek, balki Rossiya, Turkiya, Eron, Yaponiya, AQSH kinokompaniyalari tomonidan suratga olingan film va seriallarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.
Ma’ruf Otajonovga muvaffaqiyat eshiklari 60 yoshdan so‘ng ochildi. Kutilmagan omad aktyorni jahon miqyosida tomoshabinlar orttirishiga sabab bo‘ldi. U “Hukmdor Usmon” tarixiy serialida rol ijro etdi. Dastlab uch qismda suratga tushishi aytilgan aktyor keyinchalik uch yarim yil davomida filmda rol ijro etdi. Aktyor mo‘g‘ul imperatori Geyhatu obrazi bilan qator mamlakatlarda mashhurlikka erishdi. Xususan, Turkiya OAVda alohida e’tirof etildi.
— “Hukmdor Usmon” serialining har bir qismida ismim borligi meni xursand qiladi. Geyhatu aslida qayerlik ekanligi haqida izohlarda tortishuvlar ketyapti. Biri “bu aktyor qozog‘istonlik bo‘lsa kerak”, desa boshqasi yana qayerlikdir deb yozadi. 31 ta davlat—Pokiston, Ozarbayjondan, Checheniston, Hindiston kabi davlatlardan maqtab muxlislar yozishadi.
“Turkiya jurnalida eng zo‘r aktyorlar qatoriga kiritilibman”
— Bir kuni turk do‘stim kelib, bir jurnalda men haqimda yozishganini aytib qoldi. Bundan xabarim yo‘q edi, chunki telefonimga bunday xabarlar kelmasdi. Qisqasi, o‘sha jurnalni ko‘rsam, chindan ham eng zo‘r aktyorlar qatorida mening ismim ham kiritilgan ekan. Ular orasida Ertug‘rulni o‘ynagan aktyor, Burak O‘zchivit, yana boshqa mashhur aktyorlar ham bor edi. “Serialning to‘rtinchi faslida rolini eng zo‘r o‘ynagan o‘zbekistonlik aktyor Ma’ruf Otajonov”, deb yozilgan jumlani o‘qidim. Bundan tashqari qaysi binoligi esimda yo‘q, bir baland binoda eng yaxshi turk aktyorlari bilan bir qatorda katta bannerda rasmim ilinib turibdi. Bundan juda ham xursand bo‘ldim. Chunki Turkiyada hech qanday tanish-bilishim bo‘lmasa-da, jurnallarda men haqimda yozishdi, rasmimni shahar ko‘chalarida bannerda ilindi. Metroda ham rasmlarim bor ekan. Misol uchun, O‘zbekistonda biron marta rasmim bannerda chiqmagan. Bundan xafa bo‘lmayman, chunki arzigulik rol o‘ynamagandan keyin chiqmaydi ham-da, deydi u.
“Kinoda aktyorning ko‘zi ishlamas ekan, u aktyor emas”
— Serialdagi Geyhatuga tashqi ko‘rinishim mos tushganidan meni qo‘yib yuborishmagan, deb o‘ylayman. Qaysidir qismida qahramonimni o‘ldirib yuborishlari ham mumkin edi. Chunki o‘ylab ko‘rilsa, O‘zbekistondan borishim-kelishim, yana boshqa xarajatlarni ham hisoblab chiqilsa, aslida ularga faqat zarar keltiradigan odamman. Boshida bor yo‘g‘i uch qism uchun chaqirilganman, undan keyin filmdan chiqarib yuborishsa ham ularning haqqi bor edi. Lekin bu ishni qilishmadi. Shuning uchun maqtanib ham, maqtanmay ham gapirishim mumkin: kinoda aktyorning ko‘zi ishlamas ekan, u aktyor emas. Ko‘z ishlamadi degani yurak ham ishlamadi deganidir. Yuragi ishlamagan aktyorni olib chiqqandan nima naf? Tomoshabin obrazni yo uni sevib qolsin, yoki nafratlansin, yoki u o‘zi kim degan savol bilan yashasin, deydi u.
“Turklardan serial uchun kuniga 5 ming dollar gonorar so‘raganman”
— Turk rejissyorlari, o‘zi umuman hamma rejissyorlar ham kinoga aktyor chaqirishdan avval kino bozorining narx-navosini ham o‘rganishar ekan. Bosh qahramon qancha oladi-yu, epizod rollardagi aktyorlar qancha olishidan xabardor bo‘lishadi. Menga qo‘ng‘iroq qilib gonoraring qancha deyishganda bir kunga 5 ming dollar deganman. Karantin vaqtlari edi, nima rolligini ham bilmayman. Yo‘q, bo‘lmaydi, deyishdi. Bo‘lmasa kerak emas, dedim men ham. Aytgan pulimga rozi bo‘lmasligini, 5 ming dollar ko‘pligini bilsam ham yo‘q dedim.
Ozgina kamaytirsa, 3—4 ming dollarga tushsa ham rozi bo‘laman aslida. Chunki buncha pulni o‘zimizda ham olmayman. O‘zi 35 yillik mehnatim bilan 1 million nafaqa olaman. Oradan bir kun o‘tib telefon orqali bog‘lanishdi va ming dollar berishlarini aytishdi. Ichimda rozi bo‘lsam ham yo‘q dedim. “Xo‘p, qanchaga rozi bo‘lasiz”, deyishganda men tovar emasman bir narxga ko‘nadigan, mehnatimga yarasha haq beringlar, dedim. Uch kun o‘ylab ko‘rib taklifga rozi bo‘ldim va ertasi kuni jo‘nab ketdim. Mana, shundan buyon uch yarim yil davomida serialda rol o‘ynab kelyapman. O‘shanda katta summani aytib turaverganimda hozir boshqa aktyor mening o‘rnimda bo‘lishi mumkin edi. Ikkinchidan, ular uchun yangi yuzman. Turklarning hisob-kitobi bo‘yicha kam gonorar olgan bo‘lsam ham 60-70 ming dollar ishlab keldim. O‘zimizda bu pulni 50-60 yilda ham topolmasdim.
Turk aktyori Burak O‘zchivit bilan do‘stligi haqida
— Burak suratga olish ishlari boshlanishidan ozroq avval kelardi-da, kiyinish xonamga kelib men bilan alohida so‘rashib so‘ng o‘zining xonasiga ketadi. Boshqalar bilan alohida so‘rashadimi-yo‘qmi, buni bilmayman. Tanaffus paytlarida ham choy ichib gaplashib o‘tiramiz. Men bilan xuddi aka-ukadek. “Men sendan ko‘p narsani o‘rgandim Ma’ruf abi”, deb aytadi. Mashhur bo‘lsa ham mendan biror mahoratni o‘rganishga uyalmaydi. Hammadan nimadir o‘rganadi, uning yutug‘i ham ana shunda.
“Netflix’da rol ijro etish hammaga ham emas”
— Gollivudning Netflix’ning Amir Temur hayoti haqida olgan filmda ishtirok etdim. Dastavval kino rejissyori meni ofisiga chaqirtirdi. Bordim. Suhbat ingliz tilida bo‘ldi. Tarjimon Amir Temur rolini o‘ynaganimni ham aytib, rasmini rejissyorga ko‘rsatdi. Shunda film rejissyori biroz jimib qoldi va afsus bilan Amir Temurning 25 yoshini olayotganini aytdi. “Agar yana bir katta loyihamiz amalga oshsa, Temurning katta yoshdagi rolini senga o‘ynataman”, dedi. Filmda Temurning ustozi obrazida chiqadigan bo‘ldim. O‘zbek qizlaridan Yulduz Rajabova Amir Temurning ayoli rolida qatnashdi. Syomka jarayonlari Xivada bo‘ldi.
“Netflix’da 3 kunlik syomka uchun 3 ming dollar gonorar oldim”
— Netflix’da katta gonorar olmaganman. O‘zi uch kunlik syomka bo‘ldi. Shu uch kun uchun kuniga ming dollardan 3 ming dollar berishdi. Boshida qanday rolda chiqishimni bilmadim. Xivaga borganimda allaqachon gonorar ustavi chiqarib bo′linganini aytishdi. Shunday qilib borish-kelish, mehmonxona xarajatlarni qoplab berishdi, borib rolimni o‘ynab, pulimni olib qaytib keldim.
“Zahar butun tanaga tarqalib ketgan ekan”
Ma‘ruf Otajonov bir qancha vaqt ilgari sog‘ligidagi muammo tufayli shifoxonada davolanib, ikki marotaba jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdi.
— Qachon yiqilib qolishingizni bilmas ekansiz. Sog‘ligimdagi o‘zgarishlarga o‘g‘limning to‘yi o‘tib olsin deb befarq bo‘lib yurdim, bu o‘zimning aybim. To‘y o‘tib, ikki kundan so‘ng vodiyga ish bilan ketdim. O‘sha yerda kasallik xuruj qildi. Qayerim, nima sababdan xuruj qilganini bilmayman. Shogirdim yonimda edi. U endokrinologiya bo‘limiga olib bordi. Ahvolim og‘ir edi. Rentgen, tahlillar topshirdim. Kutilmagan tezlikda operatsiya bo‘ldim, va uch kun shifoxonada qoldim. Shifokor shogirdimga “yaxshi hamki o‘z vaqtida olib kelibsiz, ustozingizning bir oy umri qolgandi, xolos”, debdi. Bu vaqt oralig‘ida 16 kg vazn yo‘qotdim. Shifokorlarning aytishicha, buyrak faoliyatining buzilgani sabab zahar butun tanaga tarqalib ketgan bo‘lgan. Operatsiya o‘tgandan so‘ng 20-25 kunlar o‘tib hiqichoq tutib gapirolmay qoldim. Nabiralarimning oldida maza qilib o‘tirishim uchun Allohdan shifo so‘radim. Hozir, Xudoga shukur, ancha yaxshiman. Ertaga san’atga, kinoga kerak bo‘lmasam ham oilamga, farzandlarimga kerakman, ular uchun sog‘ayishim shart, dedim o‘zimga o‘zim.
“Kasalxonada san’atdan ketishga qaror qildim”
— Kasalxonada yotgan vaqtimda san’atdan ketishga qaror qildim. Bu ahvolda nafaqat san’atga, balki hech kimga kerak emasman, degan fikrga bordim. O‘zimga o‘zim umuman keraksiz odamga o‘xshab qoldim. Ko‘rgani kelganlar bu fikrimdan qaytarishga urinishdi. San’atdan ketib, kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchiman, hovlimdagi tomorqachamni chopib, pomidor ekib nabiralarim bilan o‘tiraman, dedim ularga. Jon og‘riganda shunday deyilarkan-da, deydi aktyor.