Islom

Qabrlarni ziyorat qilish – kufr emas

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Islom dinida qabrlarni ziyorat qilish masalasi ko‘p muhokama qilinadi. Ba’zilar uni noto‘g‘ri tushunib, hatto kufrga chiqarishgacha boradi. Aslida esa, Qur’on oyatlari va sahih hadislar asosida qaralganda, qabr ziyorati nafaqat joiz, balki insonni oxiratni eslashga undaydigan muhim amallardan biridir.

Alloh o‘zining kalomida shunday marhamat qilgan:

Alloh taolo insonlarni o‘lim va oxirat haqida o‘ylashga chorlaydi: “Har bir jon o‘limni totguvchidir” (Oli Imron, 185-oyat).

Bu oyatda insonni qabr va oxiratni eslashga undaydi. Qabr ziyorati aynan shu maqsadga xizmat qiladi — dunyoga haddan tashqari berilib ketmaslik va oxiratni unutmaslik.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: Avval boshda qabr ziyoratini man qilgandim, chunki odamlar hali shirkdan yangi chiqishgan edi. Keyinchalik esa ruxsat berdilar:

“Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Endi esa ularni ziyorat qilinglar. Chunki u oxiratni eslatadi” (Imom Muslim rivoyati).

Yana bir hadisda “Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki u o‘limni eslatadi” deyilgan (Imom Termiziy rivoyati).

Bu hadislar ochiq-oydin ko‘rsatadiki, qabr ziyorati — sunnat amal bo‘lib, inson qalbini umshatadi va uni haq yo‘lga qaytaradi.

Qabr ziyoratining maqsadi

Qabr ziyorati quyidagi niyatlar bilan qilinsa, to‘g‘ri bo‘ladi:

  • O‘limni eslash
  • Oxiratga tayyorgarlik ko‘rish
  • Marhumlar uchun duo qilish
  • Dunyo havasidan tiyilish

Agar kimdir qabrdagi insondan yordam so‘rasa yoki uni ilohiy darajaga ko‘tarsa — bu noto‘g‘ri. Lekin shunchaki ziyorat qilish, duo qilish — bu kufr emas.

Faqat Allohdan so‘rash kerak.Eng muhim masala shu: Marhumdan yordam so‘rash. Ya’ni, “Ey falonchi, menga yordam ber” deyish. Bu ishlar to‘g‘ri emas, chunki yordam beruvchi faqat Allohdir.

To‘g‘ri yo‘l: “Allohim, bu marhumni mag‘firat qil”, “Allohim, menga sabr va hidoyat ber”.

Bir solih inson har hafta qabristonga borar edi. Bir kuni undan so‘rashdi:

— Nega doim qabrlarni ziyorat qilasiz?

U shunday javob berdi:

— Bu yerda yotganlar menga uch narsani o‘rgatadi:

Dunyoga berilmaslikni — chunki ular ham bir vaqtlar boy va kuchli edi.

Vaqtni qadrlashni — chunki ular endi bir amal ham qila olmaydi.

Tavba qilishni — chunki men hali tirikman.

Keyin u dedi:

— Men bu yerga o‘liklardan narsa so‘rash uchun emas, balki o‘zimni tuzatish uchun kelaman.

Xulosa

Qabrlarni ziyorat qilish — Islomda joiz va sunnat amal. Bu amal insonni kufrga olib bormaydi, aksincha, qalbni poklaydi va oxiratni eslatadi. Muhimi, ziyoratni to‘g‘ri niyat va aqida bilan qilishdir. Alloh barchamizni haqni to‘g‘ri tushunadigan va unga amal qiladigan bandalardan qilib, o‘tganlarimizni o‘z rahmatiga olsin.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version