Maşhurlar
“Ayoldir u” qo‘shig‘i bilan tanilgan Doniyor G‘oipov haqida

“Ayoldir u” qo‘shig‘i bilan tanilgan xonanda Doniyor G‘oyipov “Mening yurtim” telekanalidagi “O‘zimizning gap” dasturiga intervyu berdi. Intervyu davomida u homiylik masalasi katta muammo bo‘lgani, stipendiya olish uchun oliy ta’limda o‘qigani va ommalashgan “Ayoldir u” qo‘shig‘i haqida so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“Marhum Sultonali Rahmatovning shogirdi bo‘lganman”
— Marhum kompozitor Sultonali Rahmatov, muhabbat kuychisi Anvar Sanayevlar ustozlarim bo‘lishgan. Ustozlarim kim bo‘lgani haqida so‘rashsa, institutdagi ustozlarimni ham eslab o‘taman. Chunki ko‘p ijodkorlarga shu savol berilsa, ular faqat ko‘zga ko‘ringanlarini aytib o‘tishadi, xolos.
“20 yillik san’atkorni ‘yosh va iste’dodli xonanda’ deb e’lon qilishadi”
— Ko‘p joylarga borganimda navbatim kelgach, “Yosh va iste’dodli xonanda” deb e’lon qilishadi. Ha, ko‘rinishim yosh ko‘rinsa kerak-da, deb xursand bo‘lib qo‘yaman. Aslida san’atda mustaqil ijod qilib kelayotganimga 20 yildan oshdi. Birinchi qo‘shig‘imni 2004-yilda kuylagan bo‘lsam, shundan to bugungacha harakatdaman. Sahnaga endi kirib kelgan vaqtimda ko‘p mo‘jizalar bo‘lishiga ishonganman.
Biroq hammasi mehnatlaringiz evaziga bo‘ladi. Hozirgi kungacha ijoddan to‘xtaganim yo‘q. Oxirgi ijodiy ishlarimizdan “Ayoldir u” qo‘shig‘im muxlislar orasida ommalashdi. Qo‘shiq tarqalib ketganidan so‘ng “shu bola bitta qo‘shig‘i bilan tanilib ketdi-a”, degan gaplarni eshitdim. Bu yerda men tinglovchini ayblamayman — bu tabiiy holat. Bu taqdir va hammasi Allohdan berilar ekan. Kimga qachon mashhurlik beriladi, buni bilmaymiz, deydi u.
“Homiylik masalasi og‘riqli nuqtam bo‘lgan”
— Ijodim davomida homiylar bilan kelisha olmaganim og‘riqli nuqtam bo‘lgan. Ko‘p imkoniyatlar bo‘lgan, lekin boshidan kelisholmaganman. Chunki ular menga qandaydir chegaralanib qolish vaziyatini yaratgan, ya’ni nimani aytishim mumkin-u, nimani aytmasligim kerakligini belgilab berishga urinishgan. Shundan so‘ng qafasdagi qushga o‘xshab qolishdan qochib, o‘zim erkin ijod qilishga harakat qilganman. U davrlarda ham qo‘shiq aytib, klip olardim, lekin uni oynayi jahon orqali taqdim qilishga imkoniyatim yetmagan. Imkonim faqatgina qo‘shiqning yaratilishiga yetgan xolos, deydi xonanda.
“Meva terib sotib, qo‘shiq qilish uchun pul yig‘ardim”
— O‘rtamiyona oilada ulg‘ayganman. Ota-onam topgan pullarini bizni yeb-ichirish va o‘qitishdan orttirolmaganini ko‘rib katta bo‘lganman. Yoshligimda hovlimizdagi uch-to‘rt tup gilosni terib, bozordagi sotuvchilarga berib kelardim. Sotuvchi xolalarning sotib bo‘lishlarini va pulimni berishlarini kutib turardim. Shu tarzda pul yig‘ardim. Keyinchalik institutda ham besh baholik stipendiya olish uchun o‘qiganman. Chunki menga bu paytlarda qo‘shiq qilishim uchun mablag‘ kerak edi. Ana shunday vaqtlarda ijod uchun hamma narsaga tayyor ekanligimni his qilganman.
“Hayot faqat sevdim-kuydim qo‘shiqlaridan iborat emas ekan”
— Nazarimda hozirgi kunda sodir bo‘layotgan voqeliklarni, dolzarb mavzularni kuyga solib kuylashga talab borga o‘xshayapti. Chunki avval ko‘p marta “o‘ldim-kuydim, bevafo”, degan qo‘shiqlar qilganmiz. Hayot faqat bundan iborat emas ekan. Oxirgi qo‘shiqlarimda shu kabi mavzulardan qochganman.
“Odamlar diqqatini tortib, yuzini tanitish oson bo‘lib qoldi”
— Internet chiqqanidan keyin professional san’atkor bo‘lish shart emasdek bo‘lib qoldi. Uyingizning bir chetida turib ham nimanidir xirgoyi qilib yoki beo‘xshov qiliqlar bilan odamlarning e’tiborini tortish, o‘zini tanitish bo‘lib qoldi. Lekin bular uzoqqa bormasa kerak, deb o‘ylayman. Shaxsan o‘zim kimdir tanlagan yo‘nalishdan ketib, oson yo‘ldan yurishni xohlamayman.
“Har doim ham biz kutgan natija bo‘lavermas ekan”
— Biz o‘zimizcha hit bo‘ladi, deb o‘ylagan qo‘shiqlarimiz unday bo‘lmas ekan. “Ayol”dan keyin yana to‘rtta qo‘shiq tayyorladim, ammo ommalashmadi. To‘g‘ri, balki o‘z tinglovchilarini topgandir, lekin ommalashish boshqacha bo‘lar ekan. Buni birgina “Ayol”da his qildim, deydi Doniyor G‘oyipov.