Hodisalar

Buxoroda psixotrop dorilarni pullayotgan shaxs qo‘lga tushdi

Foto: Buxoroisharif.uz

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yoshlar salomatligiga jiddiy xavf soluvchi, tarkibida gijvandlik va psixotrop moddalar bo‘lgan vositalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Xususan, kuni kecha Buxoro viloyatida navbatdagi keng qamrovli hamkorlikdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. Mazkur amaliyot Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Tadbir davomida tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalarining qonunga xilof ravishda sotilishi holati fosh etildi. Aniqlanishicha, huquqbuzar shaxs oldindan kelishilgan shartli xaridorga jami 198 dona “Gabaten” nomli psixotrop dori vositalarini pullayotgan vaqtida huquq tartibot idoralari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Jinoyat ustida qo‘lga olingan shaxsdan maxsus paketlarga qadoqlangan dori vositalari bilan bir qatorda, savdo munosabatlarida foydalanilgan yirik miqdordagi naqd pullar ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan mas’ul organlar tomonidan dastlabki surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Yoshlar kelajagi va jamiyat osoyishtaligiga tahdid soluvchi bu kabi salbiy holatlarning oldini olish borasidagi tezkor tadbirlar davom ettiriladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version