Buxoro yangiliklari
Parijda Buxoro amiri saroyiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochiladi

Joriy yilning 5-iyun kuni Ermitaj muzeyida 2026-yilgi Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “Saroy xonalarini kashf etib: Buxoro amiri saroyidagi san’at” nomli xalqaro ko‘rgazma ish boshlaydi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.
Mazkur madaniy loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Ermitaj muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ko‘rgazmada Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston davlat amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Ermitaj fondlariga mansub jami 67 ta noyob eksponat namoyish etiladi.
Ekspozitsiyadan Buxoro amirligi davridagi saroy madaniyati, amaliy san’at, zargarlik buyumlari va saroy maishiy turmushiga oid nodir ashyolar o‘rin olgan. Ushbu eksponatlar orqali mehmonlarga Markaziy Osiyo saroy hayoti, milliy hunarmandchilik va tarixiy-madaniy merosning betakror jihatlari namoyon etiladi.
Ko‘rgazmada nafis bezaklar bilan ishlangan amaliy san’at namunalari, qadimiy zargarlik buyumlari, saroy anjomlari va tarixiy eksponatlar alohida o‘rin egallaydi. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, loyiha Buxoro amirligi davrining boy madaniy muhitini xalqaro jamoatchilikka keng tanitishga xizmat qiladi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini dunyo miqyosida targ‘ib etish, muzeylararo hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro madaniy almashinuvni rivojlantirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro ko‘rgazma 2026-yilning 5-iyunidan 4-oktyabriga qadar tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.