Mashhurlar

“Sherali Jo‘rayev bilan mushtlashganmiz”. Mudhish avtohalokatga uchragan, bir kunda ikki farzandidan judo bo‘lgan G‘ulomjon Yoqubov 76 yoshda

Foto: Daryo.uz

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov 1-mart kuni 76 yoshni qarshiladi. San’atkor salkam 60 yildan buyon ijodda. Bir emas ikki farzand dog‘ini ko‘rgan, bir necha bor avtohalokatga uchragan, tirikligiga qaramay “o‘ldi”ga chiqarilgan xonandaning sinovli hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar solgan.

“Shomahmudovlar bilan bir mahallada ulg‘ayganman”

— Toshkentda, oddiy oilada dunyoga kelganman. Mahallamizda urush paytida yetim bolalarni asrab olgan Shomahmudovlar oilasi ham yashardi. Ularning bir nechta o‘g‘illari bilan tengdosh bo‘lganman. Mahallamizda ko‘pchilik insonlar terini qayta ishlash bilan shug‘ullanishgani uchun mahallamizni “Ko‘nchilar” deb atashardi, deydi xonanda.

G‘ulomjon Yoqubovning tug‘ilishi juda qiziq kechgan. U uydagi kichik tancha yonida tug‘ilgani va qo‘shni ayol onasiga doyalik qilgani haqida intervyularida aytib o‘tgan.

— Uyimizning orqa tomonida Salima degan ayol yashardi. Uni esimni taniganimdan buyon buvi deb atardim. Keyinchalik bilsam u onamga doyalik qilib, meni dunyoga keltirgan ekan. Oilada to‘rt nafar farzand bo‘lganmiz. Ammo akamdan keyingisi juda erta vafot etgan. Bolaligim bilan bog‘liq shirin xotiralar juda ko‘p, ammo armonlarim ham yetarlicha. Uch yoshimda otadan yetim qolganman. Onam rahmatli 28 yoshida 3 farzand bilan beva qolgan. Otam bilan bog‘liq xotiralarim juda kam. Yelkasiga mindirib meni o‘ynatgani va o‘lgach vidolashuv uchun meni olib kirishganda atrofdagi erkaklar “O‘g‘li kirganda ko‘zini ochdi”, deyishganini eslayman, xolos, deydi xonanda.

Urush yillaridan so‘ng juda ko‘p ayollar boquvchisini yo‘qotgani va oilalar qiyin kunlarni boshdan kechirishganini xonanda o‘z hayoti misolida quyidagicha taʼriflaydi.

— Mahallamizda turmush o‘rtog‘i urushdan qaytmagan ayollar juda ko‘p edi. Onam rahmatliga ham ko‘p joydan sovchilar kelgan. Ammo hamisha rad javobini berardi. “Mening 3 ta erim bor, ular uchun yashayman”, derdi. O‘zi esa mahallamizdagi shapka to‘qiydigan zavodda oddiy ishchi bo‘lib ishlardi. Kun bo‘yi ishda bo‘lar, ro‘zg‘or kam-ko‘stini to‘ldirish bilan ovora edi.

Juda kichik yoshimda qiziq voqea bo‘lgan. Mahalladan o‘tayotgan mashinani poylab turib, temir toshni otganman. U haydovchi o‘tirgan tomon oynasini sindirib, boshini yorgandi. U jahl bilan ikki oyog‘imdan ko‘tarib “Oynani kim to‘lab beradi?” deb onamga baqirgani ham ko‘z oldimdan ketmaydi, deydi xonanda G‘ulomjon Yoqubov.

G‘ulomjon Yoqubov bolaligida sho‘x va o‘yinqaroq bo‘lgani, hatto bir necha marta maktabdan ham haydamoqchi bo‘lishgani va shunchaki tasodif sabab musiqaga qiziqib qolgani haqida quyidagilarni aytdi.

— Sho‘xligimdan mahalla-ko‘ydagi bolalar ham, maktabdagilar ham bezor edi. Ustozlarim tarbiyaga chaqirish uchun bir necha marta kaltaklashgan. U paytlarda ota-onalar ham eti sizniki, suyagi bizniki qabilida ish tutishardi. Bir nechta to‘garaklarga borganman, ammo u yerdagi o‘qishim uzoqqa cho‘zilmasdi. 3-sinfligimda G‘ulomjon Qo‘chqorov degan musiqa ustoziga shogirdlikka tushganman. U kishi ilk marta qo‘limga dutor ushlatgan. Ammo u yerda ham sho‘xligim bilan hammani bezor qilardim. Doira to‘garagiga qatnaydigan bolalar bilan tengma-teng urishardim. Sanʼatga mehr qo‘ygach, sho‘xligim ham bosildi, deydi xonanda.

Xonanda ko‘plab moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan. Hatto oiladagi sharoit sabab, bolaligidan ishlab ilk musiqiy sozini o‘zi xarid qilishiga to‘g‘ri kelgan.

— U paytlari rubob 21 so‘m turardi. Bir qo‘shnimiz uy qurmoqchi edi. “G‘ishtni men quyaman, pul berasizmi?” deganman. Avvaliga ishonishmagan, ammo kelishuvga ko‘ra bir oy ichida uch mingta g‘ishtni quyib berganman. Pulni olib, ilk rubobimni sotib olganman. Ammo 1967-yillarda sanʼatga va bu soha vakillariga bo‘lgan eʼtibor juda yomon edi. Shu bois ham onam sanʼatkor bo‘lishimni istamagandi. Shu bois onam politexnika institutiga hujjat topshirishimni istagan. U paytlari imtihonlar yozma va og‘zaki shaklda o‘tkazilardi. Ko‘chirmakashlik qilib bo‘lsa-da, yozma imtihondan uch olganman. Og‘zaki imtihondan esa o‘tolmaganman. O‘shandan keyin tanishlarim filarmoniyada yangi ovozlar uchun kasting o‘tkazilayotganini aytishgan. Omadim kelib, kastingdan o‘tib, ishga olinganman, deydi xonanda.

“Sherali Jo‘rayev bilan ‘razbor’ qilganman”

Xalq orasida Sherali Jo‘rayev va G‘ulomjon Yoqubov bir-birini yoqtirmaydi, degan gap bor. Bu gap qanchalik haqiqat ekaniga san’atkorning o‘zi oydinlik kiritgan:

— Buni raqobat deymiz. Raqobat, talashish bor joyda o‘sish bo‘ladi. Bu yaxshi narsa. U paytlar yosh bo‘lganmiz. Mendan uch yosh katta bo‘lgan bo‘lsa-da, tortishish undan boshlangan. To‘yda o‘rtaga tushib olsa, chiqmasdi. Hech kimga navbat bermasdan, faqat o‘zi qo‘shiq aytardi. Men avvalroq borib qolsam, bu narsani men boshlardim. Shu ishlar bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketgan. Necha marta “razbor”lar, mushtlashuvlar bo‘lgan. Choyxonalarda, oshna-og‘aynilarning uyida. Ammo hammasi yoshlikda o‘tib ketdi. Shu narsalar odamlarning orasida gap-so‘z bo‘lib ketgan. Bu dunyodan hamma o‘tadi, gina saqlash kerak emas. Men ham unga nisbatan kek saqlamayman, deydi san’atkor.

Xonanda 1998-yili hayotidagi eng og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazgan. U bir kunda ikki o‘g‘lidan ayrilgan.

— Bu voqeadan keyin men kamida aroqxo‘r bo‘lib ketishim kerak edi. Chunki jigargo‘shasidan ayrilish oson emas. Eng yomoni, bir kunda ikki farzandimdan ayrilganman. U yillari Nazarbekdagi hovlida yashardik. Katta o‘g‘lim AQShga ketgandi. Keyingisi esa 22 yoshga to‘lib, onasi to‘y harakatiga tushib qolgan kezlar edi. O‘sha kuni ham onasi sovchilikka ketgandi. Mahalladagi hamshira qiz osma ukolni noto‘g‘ri qilgani sababli ahvoli yomonlashgan. Shunda kenja o‘g‘lim akasini “ToshMI”ga olib borish uchun mashina ruliga o‘tirgan. Aslida, u mashina haydashni yaxshi bilmasdi. Mashina jarga ag‘anab, ikki soat ichida ikki farzandimdan ayrilganman. Vafot etgan katta o‘g‘lim Toshkent davlat yuridik institutida o‘qirdi. Kenja o‘g‘lim esa Toshkent davlat texnika universitetining tayyorlov kursiga qatnardi. Afsuski, ularning baxt-u kamolini ko‘rish nasib etmadi, deydi G‘ulomjon Yoqubov.

Xonanda 1999-yil farzandlari xotirasiga bag‘ishlab qo‘shiq ham ijro etgan.

“Avariya bo‘laverib sinmagan joyim qolmagan”

G‘ulomjon Yoqubov avtomobilni tez haydashni yaxshi ko‘rishi ortidan juda ko‘p avariyaga uchraganini yashirmaydi.

— Yoshligimdan negadir avtomobilni tez haydashni yaxshi ko‘raman. Bu odatim ortidan juda ko‘p avariya bo‘lganman. Masalan, birinchi mashinam “Zaporojets” bo‘lgan. O‘sha mashinada G‘ofur aka Hamidullayev degan rejissyor bilan Jizzaxga ketayotganimizda jarga qulab ketganmiz. Ko‘p o‘limdan qolganman. Mayib bo‘lmagan joyim qolmagan. Lekin shunda ham tez haydash odatim qolmagan. “Zaporojets”dan keyin 03 avtomobilini haydaganman. Bu endi 1973-yillarda bo‘lgan. O‘shanda bir og‘aynim bilan Zangiota tomonda poyga o‘ynaganmiz. Yo‘lda ketayotganimizda uni quvib o‘taman deb, suv to‘planib qolgan joydan yurganman. U suv mashinamning old oynasiga urilib, hech narsa ko‘rinmay qolgan, oyog‘im esa tormozga yopishib qolgan. O‘shanda avtomobil yo‘l o‘rtasidagi to‘siqqa urilib, uzun bo‘lib cho‘zilib ketgan ekan. Meni hamma o‘ldi deb o‘ylagan. Ichidan zo‘rg‘a chiqarib olib, darrov kasalxonaga olib borishgan. Yelkam, oyoqlarim sinib, uch-to‘rt oy to‘shakda yotganman. Shuncha voqealardan keyin ham tez haydashni yaxshi ko‘raman. Hozir ham qo‘yib bersa, tez haydayman, lekin radarlar bunga ruxsat bermaydi, deydi san’atkor.

G‘ulomjon Yoqubov o‘zining qo‘shiqlarini boshqa xonandalar kuylashiga qanday qaraydi?

— Yorqinxo‘jaga ruxsat berganman, “Dilorom”ni kuyladi. Kaverda ham o‘zim o‘tirgandim, menga yoqdi, “bo‘ldi, kuylayver”, dedim. Qayerga borsak ham, birgalikda aytib beringlar, deyishadi. U qanday aytgan bo‘lsa, men ham unga qo‘shilib kaver qilib aytib beraman. Bunga hech qarshiligim yo‘q, faqat qo‘shiqni buzib tashlamasa bas. Hech kim kuylamasin, deyish noto‘g‘ri.

San’at — xalqniki. Bu qo‘shiqni sen kuylama deyish ongsiz odamlarning fikri, ongsiz odamlarning da’vati. O‘sha gapni gapirganlar — eng ongsizlar! Ularni faqat ongsiz deb o‘ylayman. Ular fahm-farosati yo‘q odamlar! Bemalol aytaverish kerak, faqat qo‘shiq buzilmasa bo‘lgani. Men hammaga qo‘shiqlarimni aytishga ruxsat beraman, ma’qul kelgan bo‘lsa, bemalol, deydi san’atkor.

“Meni o‘ldi deb gap tarqatishdi”

G‘ulomjon Yoqubov haqida tarqalgan yolg‘on noxush xabar ko‘pchilik singari san’atkorning o‘ziga ham qattiq botgan.

— Hayotda har xil odam bor, ajrata olmaysiz. Tirik odamni o‘ldi deyish nimaga to‘g‘ri keladi? Men birovni bekordan bekorga o‘ldi deb gap tarqatsam, menga Xudo ko‘rsatadi. Bu bir misol. Avval tekshirish kerak, rost bo‘lsa, keyin aytish kerak. Orqadan valdir-vuldir gap nega kerak? Bu noxush xabar qalbimga og‘ir botdi. Tushunsa-tushunmasa yana shunday xabar tarqatishyapti. Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi. Ularga gapirishning foydasi yo‘q ekan, insof bersin. Meni “o‘ldi”ga chiqarishsa ham, ijodimni qilib kelyapman. Shunday deganlarga ham umr tilayman. Ijodimni to‘xtatmoqchimasman, umrimning so‘ngigacha xalqqa xizmat qilaman, deydi G‘ulomjon Yoqubov.

“Nabiram ham bo‘lajak qo‘shiqchi”

G‘ulomjon Yoqubov farzandlari san’atkor bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan. Ammo nabiralarga bu sohaga kirishga ruxsat berdi. Uning o‘g‘il nabirasi bir necha konsertlarda qo‘shiq kuylab chiqayotgan bo‘lsa-da, bu yigit san’atkorning nabirasi ekani haqida ommaga aytilmadi.

— Qo‘shiqchi nabiram haqida hech qayerda gapirmasligimning sababi ko‘z tegmasin deyman. U hali go‘dak, ovozi o‘zgarishi bor. Yoshligidan tanilgan qanchadan qancha mashhur xonandalar bor, ovozi bilan dunyoni hayratga solgan. Ammo birozdan so‘ng ovozi o‘zgarib ketgan. Hali yosh bolaning ovozi rasta bo‘ladi, shu jarayondan o‘tib olgani hisob. Hozir ovozi o‘zgaryapti. Bunday vaqtda ovozni asrab turish kerak, deydi G‘ulomjon Yoqubov.

“Mendan keyin garderobimni muzey qilishadi”

San’atkor haqida gap ketar ekan, uning garderobi alohida mavzuga aylanadi. G‘ulomjon Yoqubov kostyumlari haqida barcha uchun qiziq savollarga javob bergan.

— Men chet elga borsam, faqat do‘kon qidiraman. O‘zimizdagi do‘konlarga kirmasligim mumkin, lekin chetdan, albatta, o‘zimga mos narsa topib chiqaman. Bir yilda 3-4 marta boraman. Yaqinda ham garderobimni ko‘rsatishimni so‘rashdi. Yo‘q, ko‘rsatmayman, nima qilaman ko‘rsatib? Odamlar uyi bilan, mashinasi bilan maqtanadi, menga yoqmaydi bunday qilish, shuning uchun garderobimni ham ko‘rsatmayman. Kiyganimda ko‘rishsin, yoqsa, qabul qilishsin. Shuning o‘zi yetadi. Eng qimmat kostyumim narxini ham aytmayman. Qurbi yetadigan odam bor, yetmaydigani bor. Birovning g‘ashiga tegib nima foyda topaman? 30-40 yil avval kiyganlarim ham turibdi, mendan keyin muzey qilishadi (kulib), deydi ijodkor.

“To‘yga mayka-shortida kelishlari odamlarning g‘ashiga tegadi”

G‘ulomjon Yoqubovni boshqa san’atkorlardan ajratib turadigan jihati — tashqi ko‘rinishiga alohida urg‘u qaratishida. Xalq artisti to‘y-hasham va konsertlarda tashqi ko‘rinishi va nutqiga o‘zgacha e’tibor qaratadi. U omma oldida o‘zini tutishni bilmaydigan, to‘y va tadbirlarga mayka va shortida keladigan qo‘shiqchilarni yoqtirmaydi.

— Ba’zi qo‘shiqchilar to‘yga, xalq xizmatiga borganda “tapochka” yoki krossovkada boradi, maykada ham borganlarini ko‘rganman. Odamlar 20-30 yilda bir marta to‘y qiladi, bor chiroyli kiyimini o‘sha kuni kiyishga harakat qiladi. Mehmonlar ham falonchining to‘yi ekan deb yaxshi kiyimlar sotib oladi. Hayit bayramiga tayyorlangandek necha yilda bir bo‘ladigan to‘yga ham tayyorlanib borishadi. Nimaga endi artistlar oddiy kiyim yoki maykada kirib keladi? Bu odamlarning g‘ashiga tegadi. Balki bu narsa yoshlarga yoqar, lekin yoshi sal kattaroqlarga yoqmaydi. Mana buning ahvolini qara, deyishadi. Sahnaga ko‘chadagi kiyim bilan kirib bo‘lmaydi, sahna muqaddas joy. Hindlar sahnani bir o‘pib, keyin qadam bosgan.

San’atkor suhbatda ham, yeb-ichishda ham, kiyinishda ham o‘rnak bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, hech kimni majburlay olmaymiz, ammo yoshlarga iltimosim shu. Mendan ko‘rib, 10-15 yildan beri yaxshi kiyinib chiqayotganlar ham bor, mana shularga rahmat, deydi xalq artisti.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version