Salomatlik

50 kunga ijtimoiy tarmoqlardan voz kechgan qiz hayotidagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi

Foto: Magnific.com

Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda kamroq vaqt o‘tkazishni xohlaydi, ammo bunga hamma ham jur’at eta olmaydi. Ammo AQSHning San Fransisko shahrida yashovchi Iona Bursiaga ijtimoiy tarmoqlarda cheksiz ravishda lentani varaqlash odatidan voz kechib, 50 kun davomida bunday foydalanishni to‘xtatib ko‘rdi. O‘z tajribasi va bu vaqt ichida hayotida yuz bergan o‘zgarishlar haqida u Newsweek nashriga so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

Bursiaganing aytishicha, u smartfonni qo‘liga olgan zahoti barmoqlari avtomatik ravishda TikTok ilovasini ochishga borardi. Ko‘pincha u buni o‘zi ham sezmay qolardi. Ilovani ochgach, videolarni tomosha qilib, lentani yana va yana varaqlayverardi. Natijada vaqt qanday o‘tib ketganini sezmay qolardi. Ba’zan u ijtimoiy tarmoqlarda bir necha soatlab o‘tirib qolganini keyin payqardi.

Qizning aytishicha, bu odat asta-sekin odatiy holga aylangan. U hatto ish paytida ham tez-tez smartfonga chalg‘iy boshlagan. Oqibatda kundalik vazifalariga e’tibor berish qiyinlashgan, vaqt esa sezilmay o‘tib ketgan.

Bursiaga keyinchalik bu holatni shunday eslaydi:

“Internetda qancha vaqt o‘tkazayotganimni o‘zim ham anglamasdim. Ba’zan lentani sakkiz soatlab, hatto undan ham ko‘proq vaqt davomida varaqlab o‘tirgan paytlarim bo‘lgan”.

O‘tgan yilning noyabr oyida u bu odatni to‘xtatishga qaror qildi. Qiz hayotida ko‘proq ongli ravishda yashashni, vaqtini aniqroq his qilishni istadi. Shuning uchun u kamida 35 kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda maqsadsiz o‘tirishni to‘xtatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

Tajriba davomida yuzaga kelgan o‘zgarishlar uni hayratga soldi. Shuning uchun bu sinovni yana davom ettirib, jami 50 kun davomida ijtimoiy tarmoqlardan cheklangan holda foydalanishga qaror qildi. Keyinchalik u o‘z tajribasi haqida ijtimoiy tarmoqlarda ham gapira boshladi va boshqalarni ham shunday sinov o‘tkazib ko‘rishga undadi.

Bursiaganing aytishicha, eng sezilarli o‘zgarishlar taxminan o‘ninchi yoki o‘n birinchi kunlarda yuzaga kela boshlagan. Eng avvalo, u diqqatini jamlash osonlashganini payqagan. Avvallari u telefonga tez-tez chalg‘ib ketar edi, endi esa ish paytida diqqatini uzoqroq vaqt davomida saqlab tura boshladi, vazifalarini ancha tartibli rejalashtirib, ishlarini samaraliroq bajarishga muvaffaq bo‘ldi.

Tajriba davomida yana bir kutilmagan o‘zgarish yuz berib, bu uning kiyinish uslubiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda kamroq vaqt o‘tkazgani sababli u boshqalarning tashqi ko‘rinishi yoki moda tendensiyalarini ongsiz ravishda takrorlashdan asta-sekin voz kecha boshladi. Bo‘sh vaqt paydo bo‘lgach, u o‘z didi va qiziqishlariga ko‘proq e’tibor bera boshladi.

“Bu men uchun tajribaning eng sevimli qismi bo‘ldi. Miyamni doimo turli tasvirlar, reklamalar va trendlar bilan to‘ldirib tashlashlarini va bu menga qanchalik kuchli ta’sir qilishini ilgari bilmasdim. Internetdan o‘zimni chetga olganimda, o‘z uslubim doim yonimda bo‘lganini, shunchaki vizual shovqinlar sabab uni sezmayotganimni tushundim”.

50 kunlik tanaffusdan so‘ng Bursiaga yana TikTok ilovasiga kirib, o‘z tajribasi haqida video joylashtirdi. Unda u ijtimoiy tarmoqlardan vaqtincha voz kechish hayotiga qanday ta’sir qilgani haqida batafsil gapirib berdi.

Video qisqa vaqt ichida juda mashhur bo‘lib ketdi. Rolik 1,6 million martadan ortiq ko‘rildi va 177 mingdan ziyod layk yig‘di. Videoga qariyb 800 ta izoh ham qoldirildi. Ulardan biri Bursiaganing tajribasini sodda, ammo lo‘nda jumla bilan yakunlaydi:

“Ijtimoiy tarmoqlarni kamroq varaqlash — yangi g‘oyalar uchun kengroq imkoniyat demakdir”.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version