Buxoro yangiliklari
Sog‘liqni saqlash vaziri Buxorodagi tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida bo‘lib, hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishmoqda.
Kecha, 5-iyun kuni tashrif dasturi doirasida vazir viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiev hamrohligida Buxoro shahridagi 6-son va 9-son oilaviy poliklinikalar faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Muassasalarning mavjud holati, binolarning eskirgan qismi, rekonstruksiya ishlari hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan qurilish ishlari o‘rganildi.
Shundan so‘ng vazir Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurib, o‘quv binolari, muzey, xalq tabobati laboratoriyasi hamda 200 o‘rinli klinika faoliyati bilan tanishdi. Muassasada yaratilgan sharoitlar ijobiy baholanib, institut rektori Shuxrat Teshayev va klinika bosh vrachi Shermuhammad Tursunovga ta’lim hamda davolash jarayonlarini yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shu kuni Buxoro shahar tug‘ruqxonasi faoliyati ham o‘rganildi. Xususan, muassasadagi raqamlashtirish jarayonlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va ishlarni tashkil etish holati ko‘zdan kechirildi. Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.
Vazirning navbatdagi manzili Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali bo‘ldi. Bu yerda bemorlar va ularning yaqinlari uchun yaratilgan sharoitlar, davolash jarayonlarining tashkil etilishi hamda tibbiy xizmat sifati bilan yaqindan tanishildi.
Filial direktori Muhin Rajabov tomonidan muassasaning bugungi faoliyati, erishilgan natijalari va istiqboldagi rejalar yuzasidan ma’lumot berildi. Shuningdek, filial qoshida tashkil etilgan Situatsion markaz faoliyati ham taqdim etildi.
Markaz orqali shahar va tumanlardagi subfiliallar bilan yo‘lga qo‘yilgan onlayn muloqot, bemorlar oqimini boshqarish, tezkor axborot almashinuvi va raqamli integratsiya imkoniyatlari namoyish etildi.
Tashrif yakunida Sog‘liqni saqlash vaziri tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, sohadagi dolzarb masalalar, xizmat sifatini yanada oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan shoshilinch tibbiy yordam samaradorligini yuksaltirish bo‘yicha fikr almashdi.
— Mamlakatimizning har bir hududida, poytaxtda bo‘ladimi yoki markazdan olis tuman va shaharda bo‘ladimi, aholiga bir xil darajada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmasa, xalqimiz roziligiga erishish qiyin, — dedi vazir Eldor Adilov.
Sog‘liqni saqlash vazirining Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.