O‘zbekiston

1-sentabrdan avtobusga chiqishda yo‘lkirani darhol to‘lash majburiy bo‘ladi

Foto: Buxoroisharif.uz

O‘zbekistonda shahar jamoat transportida yo‘lovchilar uchun yangi tartib joriy etilmoqda. Endilikda avtobusga chiqqan paytda yo‘l haqini to‘lash majburiy bo‘ladi. Aks holda yo‘lovchi chiptasiz harakatlangan deb hisoblanadi.

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tartib 2026-yil 3-iyun kuni imzolangan Hukumat qarori bilan belgilangan bo‘lib, 1-sentabrdan kuchga kiradi.

Yangi qoidalarga muvofiq, validatorlar bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtidayoq to‘lanishi yoki tasdiqlanishi kerak. Buning uchun transport kartasi validatorga tekkizilib validatsiya qilinadi yoki bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov vositalari orqali to‘lov amalga oshiriladi.

Shuningdek, ijtimoiy yoki transport kartalaridan foydalanuvchi imtiyozli toifadagi yo‘lovchilar ham avtobusga kirishda kartasini validatorga tekkizib, bepul yoki imtiyozli yurish huquqini tasdiqlashi lozim bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa yoki imtiyoz tasdiqlanmasa, yo‘lovchi chiptasiz harakatlangan deb topiladi. Bu esa amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Mazkur tartib 2026-yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan shahar avtobus yo‘nalishlarida amal qiladi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, yangi tizim yo‘lovchilar oqimini aniq hisobga olish, elektron to‘lovlar ulushini oshirish, transport xizmatlari sifatini yaxshilash hamda jamoat transporti tizimining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version