Islom

Odam bolalarining hammasi – xatokor. Xato qiluvchilarning yaxshisi – tavba qiluvchilardir

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Tavba degani – qaytish deganidir. “Inson tavba qildi” degani “xatolardan, gunohlardan qaytdi, avval qilgan gunohlariga nadomat (afsus) qildi” deganidir. Qur’on tavbaga katta ahamiyat berib, ko‘pgina oyatlarda eslatib o‘tadi: “Kim zulmidan keyin tavba etsa va yaxshi amal qilsa, Alloh, albatta, tavbasini qabul qiladi. Shubhasiz, Alloh mag‘firatli va rahimli Zotdir” (“Moida” surasi, 39-oyat).

Gunoh qilgan banda tavbaga shoshilmog‘i lozim. Ammo bu oyati karimaga chuqurroq nazar soladigan bo‘lsak, unda “tavba etsa va amali solih qilsa”, deyilmoqda. Islomda esa tavba oson ish ekanini o‘zimiz ko‘rdik. Lekin, hozir erta, vaqti kelganda tavba qilib olarmiz, degan fikr eng yomon fikr. Alloh taolo bilmasdan qilingan xatolarni tavba tufayli kechiradi, bilib, tushunib, qasddan qilinganlarini emas. 

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan: “Ey iymon keltirganlar! Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki Robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizni (daraxtlari) ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa” (Tahrim surasi, 8-oyat).

Alloh insonni yaratgan ekan, unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish maqsadida Payg‘ambarlar, ilohiy kitoblar va bir qancha sahifalarni nozil qilib, ularning ruhiy va jismoniy ehtiyojlarini qondiruvchi ko‘rsatmalarni bayon qilgan. Alloh taolo bandalariga juda ko‘p ne’matlar ato etgan bo‘lib, ularning ichida eng ulug‘i iymon ne’matidir. Insonni barcha yaratgan maxluqotlari ichida mukarrami va afzal suratda yaratganligini Alloh taolo Qur’oni karimda bayon qilib bunday marhamat qiladi:

“Darhaqiqat (biz) Odam farzandini (aziz va) mukarram qildik….” (Isro surasi, 70-oyat).

Har bir oqil musulmon o‘z vaqtini katta bir xazina deb bilmog‘i, uning ozginasiga ham beparvo bo‘lmay, har bir ishni o‘ziga munosib vaqtga taqsimlashga ahamiyat bermog‘i lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

“Qiyomat kunida bandaning qadami, to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi; umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, molini qayerdan topib nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani” (Imom Termiziy rivoyati).

Insonmiz, ojizmiz, gunohlar-xatolar shu qadarki, hatto anglolmaymiz ham. Biz arzimas sanagan ishlar ortidan kimlardir yillab, balki umr bo‘yi dard chekib, qiyin ahvollarda yashayotgandir?! Allohning mag‘firatiga erishish uchun osiylikdan tavba qilish kerak.

Alloh tavbaning qabul bo‘lishiga ikkita shart qo‘ygan:

  1. Tezda tavba qilish.
  2. Qilingan gunohni yana qayta qilmaslik
    “Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, yaxshi amal qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh mag‘firatli va rahimli bo‘lgan Zotdir” (“Furqon” surasi,  70-oyat).
    Xulosa o‘rnida shuni aytamizki, ulamolarimiz gunohlarni uch turga bo‘lib, shunday deydilar:“Gunohlar uch turli bo‘ladi: Alloh kechirmaydigan gunoh, Alloh kechiradigan gunoh, Alloh taolo hech narsani qo‘ymay, hisobini ham so‘raydigan gunoh.
  • Alloh kechirmaydigan gunoh – Allohga shirk keltirish. Alloh taolo bu haqda shunday degan: “Albatta, kimki Allohga shirk keltirsa, unga jannatni harom qiladi va uning joyi do‘zaxdir” (Moida surasi, 72-oyat).
  • Alloh kechiradigan gunoh – banda o‘z nafsiga qilgan zulmi bo‘lib, u Alloh va banda o‘rtasidagi gunohdir.
  • Alloh taolo hech narsani qo‘ymay, hisobini ham so‘raydigan gunoh – bandalarning bir-birlariga qilgan zulmidir”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan yana quyidagi hadis rivoyat qilingan:

“Odam bolalarining hammasi – xatokor. Xato qiluvchilarning yaxshisi – tavba qiluvchilardir” (Imom Termiziy rivoyati).

Islom dining asosiy qoidalaridan biri – modomiki banda tirik ekan, unga tavba eshiklari yopilmasligidir. Alloh taolo tavba qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘rishini bayon qilib, shunday deydi:

“…Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Jinoyat va uning jazosi hamda tavba va mag‘firat haqidagi oyatlardan keyin, bu dunyoyu, u dunyodagi mukofot va jazoning umumiy qoidasi zikr qilinadi:

Qur’oni Karimning “Niso” surasida: “Jaholat-la yomonlik qilib qo‘yib, so‘ngra tezda tavba qiladiganlarning tavbasi Allohning zimmasidadir. Alloh ana o‘shalarning tavbasini qabul qiladi. Va Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir”, deyilgan (17-oyat).

Alloh taolo barchamizni xolis tavba qiluvchi bandalaridan aylasin! Amiyn!

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version