Mashhurlar
Hamkasblaridan ko‘ngli qolgan, 7 oylik farzandini yo‘qotgan va Ziyodaga havas qiladigan Umidaxon

“Kel yarashaylik”, “Mambo” qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan xonanda Umidaxon Hojiyeva bu yil 36 yoshni qarshiladi. Daryo xonandaning hayot va ijod yo‘liga nazar tashladi.
“Tamaraxonim kelib, uyimizda qo‘shiq aytib ketardi”
— Oilada otam ham, onam ham san’atkor. Ikkalasi ham san’at kolleji, san’at oliygohini tamomlagan. Dadam 40 yil filarmoniyada ijod qilgan. Faxriddin Umarovning yaxshi ko‘rgan shogirdlaridan biri bo‘lgan. Hozir nafaqada. Onam radio, televideniyeda faoliyat olib borgan. Menga san’at yo‘lida maslahat, yordam berib borishadi. Oilada 4 nafar farzandmiz. Eslayman, 5-6 yoshlarimda Faxriddin Umarov, Tamaraxonim kabi ko‘pgina ustoz san’atkorlar uyimizga kelib, jonli qo‘shiqlar aytib ketishardi. Shunday muhitda katta bo‘lganman.
1-2-sinf paytlarimda televizorda “kabel”ga ulangan telekanallarni kuzatardim. Backstreet Boys, Selin Dion, Beyonse kabi xonandalarni juda yaxshi ko‘rardim. O‘zimizning qo‘shiqchilardan “A’lo”, “Bolalar”, “Sahar” guruhi, Gulsanam Mamazoitova, Yulduz Usmonovani sevib tinglaganman, deydi Umidaxon.
“Ziyodaga havas qilganman”
— Hamza nomidagi musiqa kollejining maqom yo‘nalishida, konservatoriyaning estrada yo‘nalishida o‘qiganman. Oilamdagilar maqom yo‘nalishida ketishimni istashgan. Ha, bu yo‘nalishni ham o‘rganib qo‘ydim, ammo o‘zimga estrada yo‘nalishida sho‘x qo‘shiqlar kuylash yoqadi. San’atga endi kirib kelgan paytlarimda Ziyodaga havas qilganman. Chunki barcha hit qo‘shiqlarining mavzusimi, so‘zimi, kuyimi — qaysidir qismini o‘zi yozgan ekan. Mening ham ingliz tilidagi mualliflik qo‘shiqlarim ham muxlislarim tomonidan yaxshi qabul qilingan, deydi xonanda.
“Shou-biznesda xafa qilishgan”
— Birinchi o‘rindagi do‘stlarim — oilam, ota-onam. Shou-biznes vakillaridan esa Ziyoda, Dilso‘z, Oybek va Nigora, Farrux Ahmedovlar bilan do‘stmiz. Aslida birovga yomonligim, g‘arazim yo‘q. Hamma bilan chiqishib ketaveraman. Ammo shou-biznesga endi kirib kelganimda, yulduz san’atkorlar bilan aloqada bo‘lib, gaplashib qolgan paytlarimda, “Voy, mana men ham ular bilan bir sahnadaman”, deganimda ba’zi rusiyzabon xonandalar ko‘nglimni qoldirgan paytlari ham bo‘lgan. Gaplashgim kelsa, salomimga alik olinmagan. Yonimda o‘tirsa ko‘rmaganga olgan, muomala taraflama xafa qilishgan. Baribir g‘alati holatga tushib qolganman, deydi u.
“Kel, yarashaylik”dagi uslubimda haqiqiy o‘zim namoyon bo‘lganman”
— “Kel, yarashaylik” qo‘shig‘igacha milliy yo‘nalishda kuylaganman. San’atga ilk kirib kelgan paytimdan shu qo‘shig‘imdagi stilimda chiqishni, shunday sho‘x obrazda tanilishni istaganman. Chunki shu o‘zimning uslubim. Lekin ustoz san’atkorlar, masalan, Nuriddin Haydarovning qo‘shig‘ini kuylagan bo‘lsam-da, 1-2 ta aytganimdan keyin, muxlislar sokin qo‘shiqlarni o‘zlari so‘rashni boshlashgan. Sho‘x qo‘shiqlarni to‘ylarda maza qilib eshitib, raqsga tushishadi-da, boshqa payt nega milliy, klassik qo‘shiqlar kuylamaysizlar, deb so‘rashadi. Ba’zida shuni tushunmay qolaman, deydi xonanda.
Nega shu vaqtgacha konsert bermagan?
— Albatta, jonli konsert berish niyatim bor. Sozandalardan qoniqsam, jonli kuylay olaman. Xafa bo‘lsam, biror muammodan to‘yib ketsam ichimdagini chiqarib yuborish uchun har kuni ofisga borib, jonli ijroda kuylab-kuylab kelaman. To‘ylarda jonli kuylamasligimning sababi texnik taraflama. Musiqiy asboblarning sozlamalarini to‘g‘rilash kerak, ba’zida ovozimni eshitmay qolaman. Hamma joyda ham jonli kuylash qulay emas. Bundan tashqari, jonli kuylaganingizning to‘yda qadri yo‘q. Odamlar e’tibor bilan eshitishmaydi baribir, deydi xonanda.
“Yulduzlarga laganbardorlik qilolmayman”
— Xoh shou-biznesda bo‘lsin, xoh hayotda yoqtirmagan odamimga laganbardorlik qilolmayman. Kimdir menga yoqmasa, jiddiy bo‘lib olib, yoqmaganini atayin bildirmayman. Ammo shou-biznesda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, atrofdagilarga noqulaylik tug‘dirmaslik uchun kulib turishga majbur bo‘laman. Lekin “U falonchi yulduz-ku” deb ikkiyuzlamachilik qilolmayman, deydi u.
“The Cover Up’dan maqsadim yutuq emasdi”
Umidaxon The Cover Up musiqiy loyihasida ishtirok etgan va finalda ikkinchi o‘rinni egallagan.
— The Cover Up finaligacha yetib kelib, ikkinchi o‘rinni olganimdan hech ham xafa bo‘lmaganman. Maqsadim yutuq yoki birinchi o‘rinni olish bo‘lmagan. Xarakterim bilan yaralgan qo‘shiqlarim, ochilmagan qirralarimni namoyish etish, yanada ko‘proq muxlis orttirish niyatida bo‘lganman. Bu loyiha hayotni o‘zgartiradigan yoki nimanidir hal qilib yuboradigan narsa emas. Muhimi, hayotda yutqazmaslik deb hisoblayman, deydi u.
“Turmush o‘rtog‘imni rashk qilaman”
— Jamshid akam juda mehribon inson. Turmush qurganimizdan keyin ham ota-onaga, jigarlariga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, yanada hurmatim oshgan. Qattiqqo‘lliklarini ham yoqtiraman. Bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy erkak. Turmush o‘rtog‘im ham san’atning ichida. San’at odamining ayoli bo‘lish qiyin. Erimni rashk qilaman, lekin Nilufar Usmonovadan emas. Men ko‘chada Umidaxon bo‘lganim bilan uyga kelib oddiy ayol, oddiy Umidaman. Turmush o‘rtog‘im meni Umidaxon deb bilmaydi, menga ham qattiq turadi, deydi xonanda.
“Erim kuylama, degan qo‘shiqni kuylamayman”
— Ko‘pchilik nega turmush o‘rtog‘ingiz sizga administratorlik qilmaydi, deb savol beradi. Menimcha, shunisi tinch. Erim xuddiki rahbarim, hamma ishimni nazorat qiladi. O‘zi ishongan odamlarni atrofimga qo‘yib qo‘ygan. Turmush o‘rtoqni ijodga aralashtirish kerak emas, deb o‘ylayman. Asosiysi, biz bir-birimizga ishonamiz. Erim aytma degan qo‘shiqni asos bo‘lsa, aytmayman, ayt deganini aytaman, deydi u.
Juftlik 2019-yilning 4-aprelida o‘g‘il farzandli bo‘ldi va unga Muhammadjon deb ism qo‘yishgan. Ikkinchi marta esa 2025-yilda jajji qizaloqning ota-onasi bo‘lishdi — ular chaqaloqqa Ominaxon deb ism qo‘yishdi.
“O‘g‘il farzandim nobud bo‘lgan”
Umidaxon yetti oylik homilasi nobud bo‘lgani haqida so‘zlab bergan.
— Turmush qurganimdan so‘ng asosiy e’tiborimni oilaga qaratdim. Ketma-ket homiladorlikni boshdan kechirdim. Birinchi farzandim — Muhammadalini dunyoga keltirdim. U hozir 2 yosh-u yetti oylik. Undan keyin qisqa fursat ichida yana homilador bo‘ldim. O‘zi bu narsani gapirmayman, degandim. Lekin kuzatuvchilarimning gap-so‘zlariga javob berib ketmoqchiman. Orada homilador bo‘lib, vazn to‘pladim. Allohning irodasi ekan, farzandim yetti oylik bo‘lganida nobud bo‘ldi. O‘g‘il bola edi. Shundan keyin operatsiya bo‘lib, gormonlar oldim. Xullas, qiynaldim. Ijodimda tanaffus bo‘ldi. To‘lishib ketdim, o‘zimga kelolmadim. Turmush o‘rtog‘im, oila a’zolarim shunday paytda menga dalda bo‘lishdi, deydi Umidaxon.
Umidaxonning Murod Xonto‘rayevning oilasi bilan qanday munosabati bor?
— Marhum sportchi Murod Xonto‘rayevning oilasi bilan juda yaqin bordi-keldimiz bor deyolmayman. Ularning ayoli, onasi bilan tadbirlarda uchrashib qolardik. Bir g‘oya kelib qoldi, shunday klip ishlamoqchi bo‘ldik. “Yana sevamanmi” nomli qo‘shiq ustoz Yulduz Usmonovaga tegishli edi, shuni kover qilib kuylashimga o‘zlari ruxsat berganlar. Bu qo‘shiqni mening yo‘nalishimda ko‘rishdi, drayv bilan rok stilda sizga mos deyishdi. Qo‘shiqqa mos bo‘lsin, ham xotira sifatida qolsin deb, marhum chempionning uyiga borib, oila a’zolaridan u haqida klip olishga rozilik so‘rab kelganmiz. O‘zlari ham juda xursand bo‘lishgan. Shu bahona ular bilan yanada yaqin bo‘lib ketganman, deydi xonanda.
“Xonandalikni to‘xtataman”
— Vaqti-soati kelganida qo‘shiqchilikni to‘xtataman. Bu narsani Alloh baribir qachondir ko‘ngilga soladi. Qachonligini bilmadim-u, ammo qalbimga solgan kuni faoliyatimni to‘xtataman, deydi Umidaxon.