Buxoro yangiliklari

Buxoroda 756 million so‘mlik noqonuniy tilla taqinchoqlar savdosi oldi olindi

Foto: Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi

Buxoro viloyatida qimmatbaho metallardan tayyorlangan zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Tezkor tadbir davomida qiymati salkam 756 million so‘m bo‘lgan tilla taqinchoqlar musodara qilindi.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda yurtimiz hududiga noqonuniy olib kirilgan zargarlik buyumlarini ichki bozorda sotishga urinish fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, oldindan olingan tezkor ma’lumotlar asosida Jondor tumani hududida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, undagi kuzatuv ostiga olingan fuqaro va uning buyumlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv davomida fuqaroning qo‘l sumkasidan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmagan, O‘zbekiston hududiga yashirin tarzda olib kirilgan umumiy og‘irligi 467 gramm bo‘lgan tilla taqinchoqlar aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, musodara qilingan zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 756 million so‘mni tashkil etadi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan qimmatbaho buyumlar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq deklaratsiya qilinishi va tegishli tartibda rasmiylashtirilishi lozim. Aks holda bunday holatlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq 18 ta holat aniqlangan.

Ushbu holatlar doirasida umumiy og‘irligi 12 kilogrammdan ortiq qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlari noqonuniy muomaladan chiqarilgan. Musodara qilingan qimmatbaho buyumlarning umumiy qiymati esa 1,6 milliard so‘mdan oshadi.

Bojxona organlari tomonidan holat yuzasidan surishtiruv va tegishli tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni qimmatbaho buyumlarni olib kirish va olib chiqishda bojxona qonunchiligi talablariga qat’iy rioya etishga chaqirmoqda.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version