O‘zbekiston

O‘zbekistonda uy-joy qurilishi bo‘yicha shikoyatlar soni keskin oshdi

Foto: Buxoroisharif.uz

O‘zbekistonda uy-joy qurilishi va ko‘chmas mulk sohasiga oid fuqarolar murojaatlari soni ortib bormoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar yuzasidan 1 706 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragidayoq ushbu ko‘rsatkich qariyb ming taga yetgan.

Murojaatlarning asosiy qismini qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi va uy-joylarni belgilangan muddatlarda topshirmaslik bilan bog‘liq holatlar tashkil etmoqda.

Shuningdek, ayrim quruvchi tashkilotlar tomonidan tegishli ruxsat hujjatlarisiz uy-joylar uchun oldindan to‘lov yig‘ilishi, texnik talablarga javob bermaydigan qurilish materiallaridan foydalanilishi hamda reklamalarda va’da qilingan loyihalarning amalda bajarilmasligi bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar qayd etilgan.

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni hali qurilishi yakunlanmagan uy-joylarga mablag‘ kiritishda yoki yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylardan xonadon xarid qilishda shartnoma shartlarini sinchiklab o‘rganishga chaqirdi.

Mutaxassislar, avvalo, quruvchi va xaridorning huquq hamda majburiyatlari, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, muddatlar buzilganda tomonlarning javobgarligi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Qo‘mita quruvchi korxonalarni ham amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirib, qonunbuzilish holatlari aniqlanganda tegishli ta’sir choralari qo‘llanilishini eslatdi.

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, fuqarolar tovar va xizmatlarni erkin tanlash, ularning sifatli bo‘lishini talab qilish hamda yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning to‘liq qoplanishini so‘rash huquqiga ega.

Qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi huquqlarini cheklovchi yoki amaldagi huquqiy normalarga zid bo‘lgan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Bunday holatlarda yetkazilgan zarar xizmat ko‘rsatuvchi yoki quruvchi tashkilot tomonidan qoplanishi lozim.

Shu bilan birga, qurilish sohasida shaffoflikni oshirish va korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlar ham joriy etilmoqda.

Prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil oktabr oyidan qurilish jarayoni ishtirokchilarining noqonuniy harakatlarini erta aniqlash maqsadida “sirli mijoz” mexanizmi amaliyotga tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, 2026-yil sentabr oyidan boshlab yerga oid huquq vujudga kelgan paytdan e’tiboran qurilish ishlarini qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirish zarurligi haqida ogohlantirish berish tizimi ham joriy etiladi.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur choralar qurilish sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, noqonuniy qurilishlarning oldini olish va uy-joy bozorida shaffoflikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version