Texnologiyalar

Olimlar inson miyasining bir qismini muzlatib, so‘ngra eritib, uni yana “tiriltirishga” erishdi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Germaniyalik olimlar birinchi marta miya to‘qimasini o‘ta past haroratda saqlashga va eritilgandan keyin uning faoliyatini tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Daryo shular haqida yozmoqda.

Muzdan eritilgandan so‘ng neyronlar yana elektr signallarini o‘tkaza boshlagan, ular o‘rtasidagi aloqalar ham o‘z funksionalligini saqlab qolgan. Tadqiqotchilar fikricha, ushbu texnologiya operatsiyadan keyingi asab to‘qimalari namunalarini saqlab qolish va ulardan ilmiy tadqiqotlar yoki dori vositalarini sinovdan o‘tkazishda foydalanish imkonini beradi.

Odatda haddan tashqari sovuqharorat hujayralarga shikast yetkazadi. Muzlash jarayonida to‘qimalardagi suv kristallarga aylanadi va bu kristallar hujayra tuzilishini buzadi. Biroq tabiatda qahraton sovuqlarga bardoshli organizmlar mavjud. Masalan, sibir salamandrasi -50 darajagacha bo‘lgan haroratda omon qolishi va hatto o‘nlab yillar davomida muzlab qolishi mumkin.

Ushbu qobiliyatning siri organizm ishlab chiqaradigan glitserol moddasiga bog‘liq. U tabiiy “antifriz” vazifasini bajarib, suyuqlikning muzlash haroratini pasaytiradi va hujayralarni shikastlanishdan himoya qiladi.

Shunga o‘xshash holat zamonaviy tibbiyotda ham qo‘llaniladi. Masalan, inson embrioni vitrifikatsiya usuli yordamida o‘ta past haroratda yillab saqlanishi mumkin. Bunda to‘qimalar qariyb -130 darajadan past haroratda sovitilganda, suv muz kristallarini hosil qilmaydi, balki shishasimon holatga o‘tadi.

Ammo bu usul asab to‘qimalari uchun kutilgan natijani bermayotgan edi. Miya o‘ta nozik tuzilishga ega bo‘lib, unda millionlab neyronlar murakkab tarmoqlar orqali bog‘langan. Hatto hujayralarning o‘zi saqlanib qolgan taqdirda ham, ularning o‘zaro aloqalari uzilib, to‘qima o‘z funksiyasini yo‘qotar edi.

Germaniyalik tadqiqotchilar asab to‘qimalarining tuzilishi butunligini saqlash uchun himoya moddalari tarkibini va sovitish jarayonini optimallashtirishga erishdi. Tajriba davomida kemiruvchilar miyasining xotira shakllanishi uchun mas’ul bo‘lgan qismi — gippokamp suyuq azot bilan −196 darajagacha sovutildi va −150 darajada 10 daqiqadan yetti kungacha saqlandi.

Elektron mikroskop yordamida o‘tkazilgan tahlillar to‘qimaning nozik tuzilishi deyarli o‘zgarmaganini ko‘rsatdi. Muz eritilgandan so‘ng, neyron tarmoqlari bo‘ylab yana elektr signallari tarqala boshladi. Yangi texnologiya kelajakda muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin:

Operatsiya paytida olib tashlangan miya qismlarini xavfsiz muzlatib saqlash va ularda yangi dori vositalarini sinash mumkin bo‘ladi. Alsgeymer yoki Parkinson kabi neyrodegenerativ kasalliklarning patologik namunalarini uzoq vaqt saqlash imkoni tug‘iladi.

Uzoq istiqbolda olimlar ushbu texnologiya inson uchun “sun’iy uyqu” yaratishga olib kelishini istisno etmayapti. Bu nazariy jihatdan uzoq muddatli kosmik missiyalar yoki bedavo bemorlarni yangi davolash usullari kashf etilgunga qadar saqlab turishda xizmat qilishi mumkin.

Javob berish

Eng köp öqilgan maqolalar

Exit mobile version