Hodisalar
Buxoroliklar ham bor: terrorizmni moliyalashtirganlikda ayblangan 8 kishiga sud hukmi o‘qildi

O‘zbekistonning bir nechta hududida yashovchi fuqarolarning terroristik tashkilotni moliyalashtirish bilan bog‘liq faoliyatiga chek qo‘yildi. Sud qaroriga ko‘ra, mazkur jinoyatda aybdor deb topilgan 8 nafar shaxsga nisbatan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish va ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi 28–39 yoshdagi fuqarolarning noqonuniy faoliyati aniqlangan.
Tergov materiallariga ko‘ra, ular Suriyada faoliyat yuritayotgan “G‘uroba katibasi” terrorchilik tashkilotining media targ‘ibotchisi, Qirg‘iziston tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan Abdulmuhsin Usmonovning g‘oyaviy ta’siriga tushib, unga tegishli hisob raqamlariga mablag‘ o‘tkazib kelgan.
Saad Muxtor taxallusi bilan tanilgan ushbu shaxs ijtimoiy tarmoqlar, xususan Telegram orqali Falastindagi muhtoj musulmonlarga yordam ko‘rsatish bahonasida mablag‘ yig‘ib kelgan. Biroq tergov davomida to‘plangan mablag‘lar G‘azo sektoridagi aholiga emas, balki Suriyadagi jangari guruhlar ehtiyojlari, jumladan oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa ta’minot xarajatlariga yo‘naltirilgani aniqlangan.
Sud hukmiga ko‘ra, jinoyatda aybdor deb topilgan 7 nafar shaxs 3 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Yana bir nafar fuqaro esa 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
Mutaxassislar fuqarolarni internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noma’lum xayriya aksiyalari, pul yig‘ish tashabbuslari va shubhali murojaatlarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Mablag‘ o‘tkazishdan avval tashkilot yoki shaxsning faoliyati, mablag‘larning maqsadi va qonuniyligi ishonchli manbalar orqali tekshirilishi lozimligi ta’kidlandi.
Qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155-3-moddasida terrorizmni moliyalashtirish uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.