Buxoro yangiliklari
Buxoro aholisi uchun 175 ta yangi avtobus xarid qilinadi

Buxoro viloyatida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish hamda yo‘nalishlar qamrovini kengaytirish maqsadida avtobuslar parkini yangilash ishlari davom etmoqda.
Mutasaddilar tomonidan shahar va tumanlarda qulay, xavfsiz hamda ekologik toza transport tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslarni xarid qilish va mavjud yo‘nalishlarga bosqichma-bosqich joylashtirish ishlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyati Transport boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hududdagi tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda 2026-yilda jami 175 dona yangi avtobus xarid qilish rejalashtirilgan.
Bugungi kunga qadar “Bux Pit-Stop NGP” korxonasi tomonidan 25 dona zamonaviy “Yutong” avtobusi xarid qilinib, viloyatga olib kelingan hamda brutto-shartnoma asosida yo‘nalishlarga chiqarilgan.
Shuningdek, “Progress Mega Trans” MChJ va “Buxaraneveshservis” MChJ tomonidan Xitoyning “Zongtong” va “Yutong” kompaniyalarida ishlab chiqarilgan, shahar yo‘nalishlariga moslashtirilgan 36 dona katta sig‘imli avtobus xarid qilinib, hududga olib kelindi.
Jamoat transporti parkini yangilash ishlari doirasida “Miramax Travel” MChJ tomonidan ham “Zongtong” kompaniyasi bilan 16 dona zamonaviy avtobus xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Hozirda ushbu transport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, “Miramax Turist Trans” korxonasi tomonidan “Yutong” kompaniyasidan 24 dona katta sig‘imli shahar avtobuslarini xarid qilish yuzasidan shartnoma tuzilib, bo‘nak mablag‘lari to‘lab berilgan.
Ma’lum qilinishicha, mazkur avtobuslar ayni paytda ishlab chiqarish bosqichida bo‘lib, tayyor bo‘lgach Buxoro viloyatiga yetkazib beriladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida joriy yilning uchinchi choragi yakuniga qadar yana 74 dona yangi avtobusning viloyatga olib kelinishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi avtobuslarning yo‘nalishlarga chiqarilishi aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Shuningdek, jamoat transporti harakat tarkibining yangilanishi yo‘lovchilarga yanada qulay sharoit yaratish, qatnovlar muntazamligini ta’minlash va transport infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yangi avtobuslar ekologik talablarga javob berishi, zamonaviy xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangani va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Mutasaddilar fikricha, transport parkini bosqichma-bosqich yangilash orqali shaxsiy avtomobillardan foydalanish ulushini kamaytirish, yo‘llardagi tirbandliklarni qisqartirish va ekologik holatni yaxshilash imkoniyati yaratiladi.
Viloyatda jamoat transporti tizimini rivojlantirishga qaratilgan ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.