O‘zbekiston
O‘zbekiston va Pentagon vakillari 2 yillik hamkorlik rejasini muhokama qildi

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va AQSh Markaziy qo‘mondonligi o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari navbatdagi uchrashuvda muhokama markazida bo‘ldi. Muloqot davomida kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejalari ko‘rib chiqilib, ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
25-iyun kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi Quruqlik qo‘shinlari (ARCENT) qo‘mondoni o‘rinbosari general-mayor Maykl J. Li boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Milliy gvardiyada rasmiy uchrashuv tashkil etildi.
Unda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S. Mamayusupov hamda tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari ishtirok etdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikning bugungi holatini tahlil qilib, uni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar chog‘ida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik rejasi hamda hamkorlik memorandumi loyihalari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuvda xalqaro harbiy ta’lim va tayyorgarlik dasturi — IMET doirasida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining ishtirokini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, harbiylarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy tajribalarni o‘zlashtirish hamda malakasini yuksaltirishga xizmat qiladigan ta’lim loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bunday uchrashuvlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zaro tajriba almashish, zamonaviy tayyorgarlik usullarini joriy etish va professional kadrlar salohiyatini oshirish ikki tomon uchun ham manfaatli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Kelgusida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirokning kengayishi harbiy xizmatchilarning bilim va tajribasini boyitish, zamonaviy xavfsizlik chaqiriqlariga samarali javob berish imkoniyatlarini oshiradi. Mazkur muloqotlar o‘zaro ishonchni mustahkamlash bilan birga, istiqboldagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishi bilan ham ahamiyatlidir.