Islom
Taomlanishning odoblari haqida

Taomlanishning ham o‘ziga yarasha odobi bor. Musulmon kishi ana shu odoblarga rioya etmog‘i kerak. Shu o‘rinda ularning ayrimlarini zikr qilib o‘tamiz:
1. Taomlanishdan oldin va keyin qo‘l yuvish.
Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Tavrotda, albatta, taomning barakasi undan oldin ikki qo‘lni yuvmoqdir, deyilganini o‘qidim. Bas, o‘shani Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qildim. U zot: “Taomning barakasi undan oldin ikki qo‘lni yuvmoqdir va undan keyin ikki qo‘lni yuvmoqdir”, dedilar”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.)
2. Taomdan oldin “Bismillah” deyish.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz taom yesa, Allohning ismini zikr qilsin. Agar avvalida Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, “Bismillahi avvalahu va oxirohu”, desin”, dedilar”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.)
3. Taomni o‘z oldidan yeyish.
Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramoqlaridagi bola edim. Qo‘lim laganda borib-kelar edi. Bas, u zot menga: “Ey g‘ulom! Allohning ismi ila, o‘ng qo‘ling bilan, o‘zingga yaqin joydan yegin!” dedilar. Shundan so‘ng mening yeyishim xuddi o‘shandek bo‘lib qoldi”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.)
4. Luqmani katta tishlamaslik.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining oltita sahobalari bilan taom yemoqda edilar. Bir a’robiy kelib, ikki luqmada hammasini yeb qo‘ydi. Shunda u zot: “Ammo u tasmiya aytganida, hammangizga yetar edi”, dedilar”. (Termiziy rivoyat qilgan.)
5. O‘ng qo‘l bilan taomlanish.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon biringiz ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi”, dedilar”. (Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.)
6. Chap qo‘l bilan taomlanmaslik.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qo‘li bilan taom yedi. Bas, u zot: “O‘ng qo‘ling bilan ye!” dedilar. “Qodir emasman”, dedi u. “Qodir bo‘lmagin! Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi”, dedilar u zot. Haligi odam shundan keyin qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi”. (Muslim rivoyat qilgan.)
7. Taomni ayblamaslik.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam hech qachon, hech qanday taomni ayblamadilar. Agar ishtahalari tortsa, yerdilar. Ko‘ngillari tusamasa, tark qilar edilar”. (Termiziy rivoyat qilgan.)
8. Yonboshlagan holda taom yemaslik.
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men yonboshlagan holda yemayman”, dedilar”. (Termiziy rivoyat qilgan.)
9. Taomni yotib yemaslik.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki holatdan qaytardilar: xamr ichilayotgan dasturxonda o‘tirishdan va yuztuban yotib ovqat yeyishdan”. (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan.)
10. Tik turib yeb-ichmaslik.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tik turib ichishdan qaytardilar. Shunda: “Yeyish-chi?” deyildi. U zot: “U yana ham ashaddiyroq”, dedilar”. (Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.)
Taomlanishning bundan boshqa ham ko‘plab odoblari bor. O‘rni kelganda ular haqida ham to‘xtalib o‘tamiz.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi