Qiziqarli
Polshalik erkak haydovchilik guvohnomasini olish uchun 139 marta imtihon topshirib, rekord o‘rnatdi

Polshaning Tarnuv shahrida yashovchi fuqaro haydovchilik guvohnomasi olish uchun nazariy imtihonni 139-urinishda topshirib rekord o‘rnatdi. Bu haqda “RIA Novosti” agentligiga Kichik Polsha yo‘l harakati markazi vakili xabar berdi. Daryo shu haqida yozmoqda.
“Yaqinda Tarnuv shahri fuqarolaridan biri haydovchilik guvohnomasi uchun nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirdi. U butun Polsha uchun o‘ziga xos rekord o‘rnatdi, chunki uning avvalgi 138 ta urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi”, dedi agentlik suhbatdoshi.
Uning aniqlik kiritishicha, ushbu nomzod to‘qqiz yil davomida nazariy imtihondan o‘tishga harakat qilgan.
“Ilk bor 2017-yilda imtihonga kirgan va to‘qqiz yil davomida uni muntazam qayta topshirib kelgan”, deya qo‘shimcha qilgan Kichik Polsha yo‘l harakati markazi vakili.
Eng qizig‘i shundaki, haydovchilikka nomzod jiddiy tayyorgarlik ko‘rganiga qaramay, u tayyorlangan materiallarning to‘liq emasligi sababli imtihondan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan.
“Ma’lum bo‘lishicha, u uzoq vaqt davomida to‘liq bo‘lmagan o‘quv materiallari bo‘yicha shug‘ullangan va imtihon savollarining barchasini o‘z ichiga olmaydigan testlarning demoversiyasidan foydalangan”, deydi agentlik suhbatdoshi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak barcha savollarni o‘z ichiga olgan imtihon dasturining to‘liq versiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgach, uning natijalari sezilarli darajada yaxshilana boshlagan va yakunda u imtihonning nazariy qismini muvaffaqiyatli topshira olgan.
Ta’kidlanishicha, endilikda u amaliy imtihonidan o‘tish uchun yozilgan. Markaz xodimi uning “haydovchilik guvohnomasini olish jarayonini muvaffaqiyatli yakunlashiga” umid bildirgan.
2021-yilda britaniyalik erkak haydovchilik guvohnomasini olish uchun 158-urinishda nazariy imtihonni topshirgani xabar qilingandi. Erkak imtihonlarning birinchi qismi uchun jami 3,6 ming funt sterling sarflagan.