O‘zbekiston
O‘zbekistonga issiq ob-havo qaytmoqda 😈

Iyul oyi boshida kuzatilgan salqin ob-havodan so‘ng bu haftada O‘zbekiston hududi bo‘yicha harorat tartibi oddiy yozgi ko‘rsatkichlarga asta-sekin qaytadi, deb xabar berdi “O‘zgidromet”.
Prognozlarga ko‘ra, 7—11-iyul kunlari respublika bo‘yicha havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Hafta davomida havo harorati asta-sekin ko‘tariladi, ammo qiymatlar iyul oyiga xos chegaralarda qoladi. Dushanba kuni kunduzi havo 34-37 darajagacha isiydi, keyingi kunlarda esa kunduzgi harorat 37-40 darajaga yetadi. Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda harorat asosan kunduz kunlari 39-42 daraja bo‘ladi.
Shamol sharqdan 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda 6—11-iyul kunlari havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bugun kunduzgi havo harorati 35-38 daraja bo‘ladi, keyinchalik asta-sekin 38-40 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari harorat 22-25 daraja atrofida bo‘ladi.
Prognozlarga ko‘ra, 2026-yil iyul oyida o‘rtacha harorat me’yoriy qiymatlardan 1,5-2 darajaga, janubda 2-2,5 darajaga, shimolda va cho‘l hududlarda 2,5-3 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.