Islom
Hech kimning xulqiga ishonma, to uni g‘azab vaqtida ko‘rmasang

Gʻazabdan saqlanmoqlik insoniylikning eng oliy sifatlaridandir. Rosululloh salollohu alayhi vasallam insonlarning eng yaxshisi, eng saxiyrog‘i va xulqi eng go‘zali edilar. Alloh taolo u kishini Qur’oni Karimda maqtab: “Albatta siz buyuk xulq egasisiz”, deb qalam surasining 4-oyatida marhamat qiladi.
U zotning eng go‘zal sifatlaridan biri g‘azablanmas edilar, g‘azablari kelganida ham sabr qilar edilar. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Hech kimning xulqiga ishonma, to uni g‘azab vaqtida ko‘rmasang”.
Abdulloh ibn Mas’ud r. a. aytadilar: Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o‘ljalardan tushgan mollarni taqsimladilar. Shunda bir kishi Abdulloh ibn Mas’udga aytdi: “Bu taqsimlashlikda adolat bo‘lmadi”. Abdulloh ibn Mas’ud bu voqeani Rosululloh sallollohu alayhi va sallamga aytdilar. Rasululloh s. a. v. ning g‘azablari keldi. Yuzlari qizardi va ushbu so‘zdan ziyoda so‘z aytmadilar: “Alloh taolo birodarim Musoni rahmat qilsin. Uni bundanda ko‘proq ranjitar edilar, u sabr qilar edi”.
Yana bir rivoyatda keladaki: Bir kishi payg‘ambar alayhissalomga aytdi: “Yo rosululloh , menga bir ishni o‘rgatinki, u bilan jannatga yetay”. Aytdilar: “Gʻazab qilmagin, jannat seniki bo‘ladi”. U: “Yana ziyoda qiling” dedi. Aytdilar: “Hech kimdan hech narsa xohlama, jannat seniki bo‘ladi va asr namozidan keyin 70 marotaba istig‘for aytgin, 70 yillik gunohingni avf qiladi”. U yigit aytdiki: “Menda yetmish yillik gunoh yo‘qdir”. Aytdilar: “Onangni 70 yillik gunohlarini mag‘firat qiladi”. U yigit aytdiki: “Onamning ham uncha gunohlari yo‘q”. Aytdilarki: “Otangni 70 yillik gunohlarini mag‘firat qiladi”. U yana yigit aytdiki: “Otamning ham uncha gunohlari yo‘q”. Aytdilar: “Birodarlaringni gunohlarini mag‘firat qiladi”.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi