Hodisalar
Buxoroda shaxsiy suratlarni tarqatish bilan tahdid qilib, $2 000 talab qilgan tovlamachilar ushlandi

Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirlari doirasida Buxoro tumanida fuqarolarning shaxsiy hayotiga daxl qilish orqali oson daromad orttirishni ko‘zlagan jinoiy guruh qilmishiga chek qo‘yildi.
Olingan tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, 2 nafar shaxs bir fuqaroning sir saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsiy tasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish va uni ommaviy ravishda sharmanda qilish bilan qo‘rqitib kelgan. Ushbu shaxslar tasvirlarni tarqatmaslik evaziga jabrlanuvchidan jami 2000 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni talab qilishgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir ishlab chiqildi va o‘tkazildi. Amaliyot natijasida, oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirgan ikki nafar gumonlanuvchi jabrlanuvchidan talab qilingan pulning 3 000 000 (uch million) so‘mini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Tadbir davomida gumonlanuvchilarning yonidan jabrlanuvchi tomonidan berilgan 3 000 000 so‘m pul mablag‘i hamda ichida jabrlanuvchining shaxsiy ma’lumotlari saqlab kelingan bir dona uyali aloqa vositasi xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib, qonuniy tartibda olib qo‘yildi.
Hozirgi vaqtda mazkur gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.