Islom
Darvoza oldida o‘tirish haqida

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam darvozalar oldida o‘tirishdan qaytardilar. Shunda odamlar: “Ey Rasululloh! Uyda o‘tiraverish bizga og‘ir keladi”, deyishdi.
“Agar o‘tirsangiz, majlisning haqqini beringlar”, dedilar.
“Majlisning haqqi nima, ey Rasululloh?” deyishdi.
“Yo‘l so‘raganga yo‘l ko‘rsatish, salomga alik olish, amru ma’ruf va nahiy munkar qilish”, dedilar.”
Ushbu hadisdan jamoat joylarida, xususan, yo‘llarning bo‘yida o‘tirish aslida odobdan emasligini bilib olamiz. Biroq, agar biror sabab yoki zarurat bilan o‘tirilsa ham, o‘sha o‘tirishning haqqini ado etish lozim ekan. Bu haqlar yuqorida sanab o‘tildi.
Afsuski, bugungi kunimizda bu odoblarga deyarli rioya qilinmaydi. Yo‘lning bo‘yiga o‘tirib olib, turli zararli ishlar bilan shug‘ullanib o‘tirganlarni ko‘p ko‘ramiz. Karta, narda, oshiq o‘ynab, yo‘ldan o‘tganlarga nazar solib, gap otib o‘tiradiganlar, xo‘roz urishtirayotganlar, it urishtirayotganlar o‘z gunohlari bilan boshqalarga ham salbiy ta’sir qilayotganlari kam emas.
Abu Sa’id al-Xudriydan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘llarda o‘tirishdan ehtiyot bo‘linglar”, dedilar.
“Ey Rasululloh! Biz gaplashib o‘tirishga majbur bo‘lamiz”, deyishdi.
“Agar o‘tirsangiz, yo‘lning haqqini bering”, dedilar.
“Yo‘lning haqqi nima, ey Rasululloh?” deyishdi.
“Ko‘zni tiyish, ozor bermaslik, salomga alik olish, amru ma’ruf va nahiy munkar qilish”, dedilar.”
Ko‘rib turibmizki, bekordan-bekorga yo‘l bo‘yida o‘tirish yaxshi emas. Agar yo‘l bo‘yida noiloj tarzda o‘tirib qolingan chog‘da ham, ko‘zni noloyiq narsalardan tiyib, birovga ozor bermay, o‘tkinchilarning salomiga alik olib, kezi kelganda yaxshilikka amr qilib, yomonlikdan qaytarib turish lozim bo‘ladi.
Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi