Mashhurlar

Turmushga chiqmaslik uchun Moskvaga qochgan, “O‘zbekfilm” hovlisida yashagan, 50 dan oshganda ingliz tilini o‘rgangan dublyaj qirolichasi Mukambar Rahimova

Foto: Daryo.uz

Oʻzbekiston xalq artisti, oʻzbek dublyaji qirolichasi deya taʼriflanadigan Mukambar Rahimova shu yili 85 yoshni qarshi oldi. Daryo aktrisaning hayot va ijod yoʻliga nazar tashladi.

Mukambar Rahimova 1941-yil 23-mart kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Uch farzandning oʻrtanchasi va oilada yagona qiz boʻlgan Mukambar Rahimova 1964-yilda Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik, 1976-yilda esa rejissyorlik yo‘nalishida tahsil olgan. 1964-yildan “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida faoliyatini boshlagan.

Aktrisaning oilasi haqida

Mukambar Rahimova oilasida sanʼatkorlar boʻlmagani, ammo shunday boʻlsa-da otasi sanʼatga oshno inson boʻlganini taʼkidlaydi. Aktrisa Onasini taʼriflar ekan, garchi oliy taʼlimni tugatmagan boʻlsa-da, tafakkuri oʻtkir boʻlganini aytadi.

image

— Dadam harbiy boʻlsa ham, musiqadan yaxshi xabardor boʻlgan. Dutor chertishni bilardi. Yana koʻproq sanʼatkorlar bilan doʻstlashgan. Qolaversa, uyimiz ham “Yosh gvardiya” (hozirgi Oʻzbekiston davlat drama teatri) roʻparasida boʻlgan. Uyimiz teatrga yaqin boʻlgani sababli u yerdagi aktyorlar bilan ulfat edi. Sanʼatkorlar uyimizga tez-tez kelib turishardi. Oilada yagona qiz farzand boʻlganim uchun kichikligimda erkatoy va qaysar boʻlganman. 

— Onam oliy taʼlimda oʻqimagan. Shunday boʻlsa ham matematikadan juda yaxshi boʻlgan— hisob-kitobni yaxshi bilardi. Urush vaqtida uyimizda evakuatsiya qilingan yahudiy ayol ham turardi. Oʻsha paytlarda har kim nima qilib boʻlsa ham oilani boqishi kerak edi. Onam savdo-sotiq qilib koʻrgan, bozorda ishlagan. Soʻng shu yahudiy ayol onamga muzqaymoq tayyorlab sotishni oʻrgatgan.Avvaliga oz-ozdan tayyorlab koʻrgan. Atrofdagilarga bu shirinlik yoqqan. Haligi ayol onamga endi buni patentlab olib, sotishini oʻrgatgan. Muzqaymoqlarni Hamza, Muqimiy teatrlarining bufetida sotishardi.

“Dublyajga tasodifan kelib qolganman”

Aktrisa bolalik yillarida sanʼatga qiziqqanini va maktabda oʻtkazilgan tadbir va tanlovlarda faol qatnashib kelgani haqida hikoya qiladi. Ana shunday tanlovlarning birida u mutlaqo yangi yoʻnalish— dublyaj olamida kirib keladi.

Darslarimiz orasida haftada bir marta xor darsi ham kiritilgan edi. Oʻqituvchimiz kelib pianino chalib turardi, bizlar boʻlsa ashulalar aytardik. Tadbirlarda spektakllar sahnalashtirardik. Oʻsha paytlari oʻtkaziladigan tanlovlarda jon-jahdim bilan qatnashadigan boʻldim. Hattoki tanlov uchun kostyumlarni ham oʻzim tikardim. Bir kuni kinostudiyadan bolalarni tanlab olgani kelishdi.

Bolalarga qoʻshilib men ham tanlovga borganman.Hayʼat aʼzolari oʻquvchilarni kuzatishdi. Men tanlovdan oʻtolmadim. Soʻng bir kuni oʻzim tanlov oʻtkazilgan joyga bormoqchi boʻlganman. Bilishimcha, bu tanlov Shayxontohur tumanidagi bir boyning uyida oʻtkazilgan edi. Eski binolar edi, bolaxonalari bor edi. Qayerga borayotganim esimdan chiqib, eski mahallani aylanib chiqqanman. Aylanib yurib, burchakdagi qizil eshigi qiya ochiq turgan qorongʻi xonaga koʻzim tushdi. Nim qorongʻi xonada kino ketyapti.

Xona ichidan kimdir “Kim u?”, deb baqirdi. Ichkarida dublyaj jarayoni ketayotgan ekan va bu paytda eshikni ochish mumkin emas ekan. Xonada Boʻri Haydarov degan inson oʻtirgan ekan. U kishi mendan eshikni yopishimni tayinladi. Aytganini qilib, eshikni sekin yopib, orqadagi stullardan biriga oʻtirdim. Kuzatib nima boʻlayotganiga hech tushunmadim.

Ekranda kino qoʻyilgan, bu yoqda mikrofondan gapirib turishibdi. Ovozlashtirish tugaganidan soʻng Boʻri aka yoniga chaqirib, bu yerda nima qilayotganim haqida soʻradi. Shunda “kinoga keldim”, deb javob berdim. Nima sababdan kelganimni yana qayta soʻraganida “Men ham artist boʻlaman”, dedim. Manzilimni, ota-onamni soʻrab-surishtirganidan soʻng, kattalar bilan kelishimni aytdi. Yonidagi yordamchisiga manzilimni yozib olishini buyurdi. Xursand boʻlib uyga qaytdim. Kelganimdan soʻng bu haqda uydagilarga aytmadim.

Bir kuni maktabdaligimda shu odam keldi-da, kinoga borasan, dedi. Dublyaj kechki payt ekan. “Kechasi borasan”, dedi. Keyin kechasi nimani bahona qilib uydan chiqishimni oʻylab, oxiri kinostudiyaga yaqin joyda yashaydigan sinfdosh dugonam Dilbarning uyiga dars qilish uchun boraman, deb ketganman. Chunki u bilan koʻpincha birga dars qilardi. Ota-onam ham uning uyidagilarini yaxshi tanirdi.

Shunday qilib uydan chiqqanimdan soʻng dugonamni ham ogohlantirib, studiyaga ketdim. Borganimdan soʻng kichik bir epizodga nimadir deb bir-ikki ogʻiz ovoz berdim. Shu bilan ancha kech tushib, soat kechki ikkilar boʻlgan. Meni Dilbarlarnikiga yetaklab kelgan yordamchi “uying bu yerda emas-ku”, dedi. Unga “bugun xolamnikida yotib qolaman”, deb aytdim va qulflamasdan yopilgan eshikdan ichkariga kirib ketdim. Ertasi kuni sinfdoshimning uyidan maktabga bordim.

Shu zaylda yana bir-ikki marta hech kimga bildirmay studiyaga borib yurdim. Lekin baribir bir kuni tutildim. Uydagilar bilganidan soʻng rosa gap eshitdim.Chunki avlodimizda sanʼatkor, artistlar yoʻq edi. Otam asli eshonlardan chiqqan. Onam tomondagilar ham katta boy hojilardan boʻlgan. Bunday oila farzandi uchun artist boʻlish sharmandalik sanalgan. Dadam qoʻlimdan tutib qayoqqa kelayotganimni koʻrish uchun men bilan studiyaga kelgan.

Rahmatli Boʻrivoy aka dadamga bu yerdan chiqqanlarning ham hammasi ham artist boʻlmasligini tushuntirdi. “Bolang boʼlar-boʻlmas ishlar bilan shugʻullanib, vaqtini behuda sarflagandan koʻra bu yerga kelib jarayonni kuzatib oʻtirib, filmlarni koʻrib nimadir oʻrgangani yaxshi emasmi? Bu yerga kelib yurgan bolalardan fan nomzodlari, katta jurnalistlar, professor, doktorlar chiqqan. Bu mashgʻulot bir hobbidek narsa. Faqat sizlar xohlasanglar bolanglar keladi, boʻlmasa yoʻq. Chunki bolalarimiz koʻp. Lekin farzandingiz dublyajga qiziqibdi, ruxsat berib koʻringlar. Balki keyinchalik qiziqishi qolib ketar”, degan.

Shundan soʻng men u yerga borishni davom ettirganman. Keyinchalik kattaroq sinfga oʻtganimda teatrga kelib-ketib yurganimda Rixsi Ibrohimova, rahmatli Toʻti Yusupovalar ham teatrga yosh aktrisalar sifatida kela boshlashgan. Ular qadrdon opalarim boʻlib qolishdi.

“9-sinfni tugatmasimdan institutga olishgan”

— Maktabda 9-sinfda oʻqiyotgan kezlarim kechki payt ishga kelayotganimda trolleybusda bir semiz, koʻzlari baqakoʻz kishi menga qarab-qarab qoʻyaverdi. Uning qarashidan qoʻrqib ketaman. Oxirida “Kechasi nima qilib yuribsan? Qayerga ketyapsan?” deb soʻradi. Shunda “Men artistman. Kinostudiyaga ishga ketyapman”, dedim. Haligi kishi studiyada nima qilishimni soʻradi. “Dublyajda qatnashaman”, deb aytdim men. Nimaga teatralniy yoʻnalishda oʻqimasligimni soʻradi. Soʻng oʻzini rejissyorligini aytib, ertaga teatr institutiga borib, uni soʻrashimni tayinladi.

Ertasi kuni aytilgan manzilga bordim. Qarasam, dars ketayotgan ekan. Ichkaridagi oʻqituvchi yordamchisini chaqirib, unga meni imtihon qilishni tayinladi. Yordamchi Tursunboy akani tanir edim, har kuni dublyajga kelardi. Xonaga kirganimizdan soʻng Tursunboy aka “sening nimangni imtihon qilaman, oʻqiyver kursda”, dedi. Shu bilan hali maktabni tugatmay turib, institutdagi oʻqishim ham boshlanib ketdi.

“Turmushga bermasliklari uchun Moskvaga qochib ketganman”

— Oliy taʼlimda uchinchi kursda oʻqib yurganimda uyda juda koʻp gap-soʻzlar boʻla boshladi. Turmushga berishlarini aytishardi. Shunday boʻlavergach, oxiri uchinchi kursligimda turmushga chiqsam, sanʼatkor boʻlolmayman, deb Moskvaga qochib ketganman. Borsam, bu yerda ham oliy taʼlimda imtihon davri ekan. Ammo imtihonga kiritishmagan, chunki hech bir hujjatim yoʻq edi. Oxirgi imtihon tugaganidan soʻng bir teatrning bilim yurtiga bordim. U yerga borib, rektorning oldiga kirdim va oʻzbek ekanligimni, oʻqitishmasdan majburlab erga berishayotganini aytdim. Shuning uchun oʻqishimni tashlab, bu yerga qochib kelganimni kelganimni aytdim. Oʻqishga olishdi.

Uzoq manzildan bilim yurtiga qatnay boshladim va bir kuni men ketayotgan avtomobil kutilmaganda avtohalokatga uchrashi oqibatida bosh miya chayqalishi jarohatini oldim. Bir muddat kasalxonada davolandim. Kasalligim uchun oʻqishga borolmasdim, vatanga qaytishim kerak edi. Onam meni koʻrgani keldi va ahvolimni koʻrib sanʼatkor boʻlishimga oxiri rozi boʻldi. Qaytib kelganimdan soʻng oʻqishimni va ishimni davom ettirmoqchi boʻldim. Lekin institutga qabul qilishmadi.

Borib Moskvada oʻqib yuraverishimni aytishdi. Bir kuni institutga Moskvadan korrespondent turmushga majburlab berilayotgan qiz haqida oʻrgangani kelibdi. Shoshilinch institutga chaqirishib, oʻqishimni davom ettirayotganimni aytib, ortiqcha soʼz aytmasligimni tayinlashdi va ertadan oʻqishni davom ettirishim mumkinligini bildirishdi. Ularga xoʻp dedim-u, kelgan korrespondentga hammasini roʻyi-rost aytib, oxirda u kelgani uchun oʻqishga qaytganimni ham soʻzlab berdim.

“Mingta doʻsting boʻlsa ham, bir dushmaning boʻlmasin” yoki teatrdagilarga u haqda yengiltabiat deb berilgan taʼrif haqida

— Institutni bitirganimdan soʻng Hamza teatriga yoʻllanma berishdi. Kimlardir men haqimda igʻvo tarqatib “bu qiz yengiltabiat”, deyishgan ekan. “Yulduzlar osmoni” spektaklidan menga ham epizod berildi. Rolimni oʻynayotsam Zikir Muhammadjonov “Sen avval buyruq olgin, keyin repetitsiya qilasan”, dedi. Teatr direktorining oldiga borib buyruq chiqarib berishlarini soʻrasam, “Senga oʻxshaganlar oʻzimizda juda koʻp. Avval oʻshalarni eplab olay”, dedi. Bu gapning maʼnosini tushunmay xonadan chiqib ketdim. Keyin bilsam, meni yaxshi xulqli emas, deyishgan ekan. U vaqtda hali turmushga chiqmagan edim. Shu boʻyi dublyaj studiyasida ishlab yuraverdim.

Keyinchalik ham yana 3 marta teatrga chaqirildim va borgan joyimdan qaytarildim. Shundan soʻng qaytib teatrga ishga bormadim. Oldin bundan xafa boʼlardim, hozir xursandman. Balkim ulardan oʻzib ketishimdan qoʻrqib yaqinlatishmagandir meni. Raqobatchilar oʻzlaridan oʻzib ketishimdan qoʻrqishgan boʻlsa, bundan xursandman.

“Bolam bilan koʻchada qoldim”

— Koʻchada bolam bilan uysiz qolganimda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi menga eski dekoratsiyani boshpana qilib berishgan. Bir bolam bor, yana biri hali tugʻilmagan paytda turmushimdan ketganimda qayoqqa borishni bilmaganman. Ota-onamni oldiga borganimda uyda kelin bor edi. Onamga keliningiz unday qilyapti, bunday qilyapti desam, onam “qizim, chiqqan qiz chigʻiriqdan tashqari boʻladi. Chidasang, oʻtir, chidamasang, yoʻq. Yana bitta uylantiradigan oʻgʻlim bor. Hozir kelin bilan kelisholmasang, ketadi. Ertaga ikkinchi oʻgʻlimni uylantiraman deganimda opasi artist edi, eridan ajrashgan, akasi xotin qoʻygan, bu oʻgʻli ham shunaqa boʻladi, bu oila shunaqa oʻzi, deyishsa, nima degani boʻladi? Oʻzi artist boʻlib yuzimizni yerga qaratib boʻlgansan. Endi chidasang, yasha, chidamasang, bor eringnikiga. Yarashib, oʻsha yerda suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib oʻtirasan”, degan.

Shundan soʻng bolamning kiyim xaltasini koʻtarib kinostudiyaga kelganman. Studiyadagilarga “koʻchada qoldim. Mana shu yerdan joy bermasanglar oʻzimni shu eshik tagida osaman”, deganman. Shundan keyin kino studiyaning orqa tomonida eski dekoratsiya boʻlgan joyni ajratib berishgan. Juda abgor boʻlib ketgan joy edi. Kimdir uyidan plita olib kelib bergan. Chelak, togʻora olib oʻsha yerda ikki-uch yil yashadim. Shu dekoratsiya buziladigan boʻlganda menga kvartira berishdi.

“Dublyaj kasodga uchrab, Amerikaga ketdim”

— 20 yildan ortiq vaqt mobaynida dublyajda koʻrinmadim. Sababi, bu paytda dublyaj kasodga uchrab, televizion variantga oʻtib ketildi. Bu variantga qoʻshila olmadim. Sanʼatkor boʻlganim uchun sanʼatdan boshqa ish qilolmayman— bozorga chiqishni eplolmayman, boshqa bir kasbni egallash uchun yoshim 50 oshib 60 ga kirib qolgan edim. Ana shu payt nima qilishim kerak edi?

Mahalladan yordam puli soʻraymanmi yoki boʻlmasa meni taklif qilmagan televideniye rejissyorining eshigi oldiga borib “Oʻzbekiston xalq artisti eshingiz oldiga keldi, ish bering” deymanmi? Odamga gʻurur ham kerak ozgina. Bu yoqda katta oʻgʻlim armiyaga borib, kasal boʼlib qaytib keldi. Kichik oʻgʻlim uylangan. Shunda moddiy qiyinchilikka duch keldik. “Yurgan daryo, oʻtirgan boʻyra”, deganlaridek men ham xalq qatori oʻzimni sinab koʻrish uchun Amerikaga ketdim.

U yerda ham ish topish oson emas. Hech kim sizga “Xush kelibsiz, qaysi ishni beray?”, demaydi. Idorama-idora yurib ish qidirasiz. Xorijga borganda til bilish kerak boʻladi. Majbur boʻlib men ham qiynalib til oʻrgandim. Bizning kasbimiz u yoqda oʻtmaydi. U yerda qariyalarga qarovchi boʻlib ishladim. Amerikada koʻp qariyalarga bolalari ishda boʻlgani uchun qarolmaydi. 

Farzandlari va nabiralari haqida

— Ikki oʻgʻlim bor. Kattasi bastakor, kichigi diplomat kasbini egalladi. Bolalarim tarbiyasida qattiq turdim. Ularni sanʼatga yoʻlatmoqchi emas edim. Lekin ularni sohamga  yaqinlashtirishga majbur boʻldim. Chunki planni tugatish uchun 20 soatlab ham ishlashga toʻgʻri kelardi. Bolalarga telefon qilib xabar olardim. Agar uyda yoʻq boʻlsa, xavotir olib uyga yugurardim. Koʻchada koʻrib qolsam, urishib, uyga olib kirardim. Shuning uchun bolalarim ham hadeb ozor chekmasin, oʻzim ham ulardan xavotir olavermay, deb ularni musiqa internat maktabiga berdim.

Hozirda ikki bolam ham oilali. Nevaralarim ham katta boʻlishgan. Lekin haligacha uylanishmayapti, turmushga chiqishmayapti. Biri doktoranturada oʻqisa, boshqalari bakalavrda turli yoʻnalishlarda oʻqiydi. Hammasi oʻqish bilan ovora. Hali evarali boʻlmadim. Oʻqiyverishsin, hunarli boʻlgani yaxshi, albatta, deydi dublyaj aktrisasi.

Xorijiy filmlarning minglab qahramonlari aktrisaning ovozida bizga namoyon boʻlgan. “Istiqbol yoʻli”, “Surayyo”, “Dahoning yoshligi”, “Oy borib, omon qayt” filmlarida turli obrazlarni yaratgan. Rejissyor sifatida ham bir necha spektakllar sahnalashtirdi. “Oʻzbekiston” radiosida esa “Dugonalar”, “Tabassum”, “Vatandosh”, “Yaxshi kayfiyat” kabi radiojurnallarning boshlovchisi sifatida ham faoliyat olib borgan. Aktrisa 2002-yilda Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version