Jahon
Yevropaning mashhur kurortlari taqqoslandi: qaysi mamlakatda dam olish arzonroq?

Yevropaning sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan7 mamlakatidagi mehmonxona, restoran, oziq-ovqat va ichimliklar narxlarini tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, umumiy xarajatlar bo‘yicha Turkiya eng arzon yo‘nalish deb topilgan. Biroq alkogolli ichimliklar narxi aynan shu mamlakatda eng yuqori bo‘lib chiqdi. Mehmonxona va restoranlar narxi bo‘yicha esa Portugaliya eng maqbul davlat sifatida qayd etildi.
Umumiy narxlar bo‘yicha Turkiya yetakchi
Tahlil Yevrostat ma’lumotlari asosida tayyorlangan bo‘lib, unda 2 mingdan ortiq turdagi mahsulot va xizmat narxlari solishtirilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida o‘rtacha 100 yevroga teng iste’mol savati Turkiyada 59,6 yevroga tushadi. Bu esa YI o‘rtacha ko‘rsatkichidan 40,4 foiz arzon.
Taqqoslangan mamlakatlar orasida eng qimmati Fransiya bo‘ldi — 100,3 yevro. Undan keyingi o‘rinlarda Italiya (97,1), Ispaniya (91,6), Gretsiya (87,4), Portugaliya (86,6) va Xorvatiya (78,4) joylashgan.
Mehmonxona va restoranlar Portugaliyada eng arzon
Mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlari narxi bo‘yicha Portugaliya eng qulay mamlakat deb topildi. Ushbu yo‘nalishdagi xizmatlar narxi Yevropa Ittifoqi o‘rtacha ko‘rsatkichidan 26,4 foiz past bo‘lib, indeks 73,6 ni tashkil etdi.
Turkiya ham bu borada nisbatan arzon davlatlar qatoriga kirib, 78,3 ball qayd etdi.
Aksincha, eng yuqori narxlar Fransiyada (116) va Italiyada (110,8) kuzatildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari ham Turkiyada arzon
Oziq-ovqat narxlari bo‘yicha ham Turkiya yetakchilik qildi. Yevropa Ittifoqida o‘rtacha 100 yevrolik mahsulotlar savati Turkiyada 75,6 yevro turadi.
Ispaniya oziq-ovqat narxlari YI o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lgan ikkinchi mamlakat bo‘ldi — 94,6. Qolgan davlatlarda esa narxlar o‘rtacha darajadan biroz yuqori.
Alkogolli ichimliklar Turkiyada eng qimmat
Tahlilning eng qiziqarli natijalaridan biri alkogolli ichimliklar narxiga taalluqli bo‘ldi.
Turkiyada alkogol narxlari Yevropa Ittifoqi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki baravardan ham yuqori bo‘lib, narx indeksi 210,2 ni tashkil etdi.
Undan keyingi o‘rinlarda Gretsiya (154) va Xorvatiya (133,9) joylashgan.
Eng arzon alkogolli ichimliklar esa Italiyada (81,9) qayd etildi. Ispaniyada ham narxlar YI o‘rtacha ko‘rsatkichidan past — 90,1.
Tamaki mahsulotlari bo‘yicha ham Turkiya eng arzon
Tamaki mahsulotlari narxlari mamlakatlar kesimida katta farq qilgan.
Turkiyada narx indeksi atigi 25,4 bo‘lsa, Fransiyada bu ko‘rsatkich 191,1 ga yetgan. Xorvatiya tamaki mahsulotlari arzonligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, uning narxlari Turkiyadagidan ancha yuqori.
Dengiz mahsulotlari narxida katta tafovut yo‘q
Dengiz mahsulotlari narxlari bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasidagi farq unchalik katta emas. Eng arzon narxlar Portugaliyada (95,4), eng yuqori narxlar esa Gretsiyada (112,7) qayd etilgan.
Tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, reytingda aholining daromadlari hisobga olinmagan. Shu sababli narxlar orasidagi farq yuqori daromadli mamlakat fuqarolari uchun kamroq sezilishi, daromadi pastroq bo‘lgan sayyohlar uchun esa ancha katta ahamiyat kasb etishi mumkin.