Salomatlik
Yozgi ta’tilda bolani qaysi 5 muhim tekshiruvdan o‘tkazish kerak?

Yozgi ta’til — bolaga dam olish bilan birga sog‘lig‘ini tekshirtirish uchun ham qulay davr. Ko‘rish, tishlar, umumiy tahlillar, ruhiy holat va qomatga e’tibor berish kelajakdagi muammolarni erta aniqlashga yordam beradi. Bu haqda Daryo yozmoqda.
1. Ko‘z tekshiruvi. O‘quv yili oxiriga kelib ayrim bolalar doskadagi yozuvni yomon ko‘rishi yoki kitob o‘qiganda tez charchashidan shikoyat qilishi mumkin. Yoz fasli oftalmolog ko‘rigidan o‘tish uchun qulay payt.
2. Tish salomatligi. Og‘riq bo‘lmasa ham, yiliga ikki marta stomatologga ko‘rinish tavsiya etiladi. Bu kariyes, yallig‘lanish va tish chiqishidagi muammolarni erta aniqlashga yordam beradi.
3. Umumiy tahlillar. Umumiy qon va siydik tahlillari bolaning ahvoli haqida dastlabki ma’lumot beradi. Zarurat bo‘lsa, pediatr qo‘shimcha tekshiruv yoki vitaminlar darajasini aniqlashni tavsiya qiladi.
4. Ruhiy salomatlik. Ta’til paytida bola bilan samimiy suhbatlashish, sayr va to‘garaklar uchun vaqt ajratish muhim. Bezovtalik yoki kayfiyatdagi keskin o‘zgarishlar sezilsa, bolalar psixologiga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
5. Qomat va umurtqa pog‘onasi. Uzoq vaqt o‘tirish hamda og‘ir sumka ko‘tarish qomatga ta’sir qilishi mumkin. Ortoped yoki fizioterapevt ko‘rigi muammoni erta payqash va oldini olishga yordam beradi.