Buxoro yangiliklari

Qorako‘lda aholi uchun kengaytirilgan tibbiy ko‘rik va sayyor qabul tashkil etiladi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Salomatlik marafoni” doirasida Qorako‘l tumani aholisi uchun kengaytirilgan tibbiy ko‘rik va sayyor qabul tashkil etiladi. Bu haqda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Tadbir Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali yetakchi mutaxassislari, viloyat tibbiyot markazlari shifokorlari hamda sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari ishtirokida o‘tkaziladi.

Sayyor qabul davomida sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i aholining murojaatlari, mavjud masala va muammolarini tinglaydi. Ko‘tarilgan murojaatlar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning yechimi ta’minlanadi.

Kengaytirilgan tibbiy ko‘rik jarayonida aholiga mobil rentgen, mammograf, UZI va boshqa zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida bir qator tibbiy xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.

Shuningdek, jarroh, kardiolog, ginekolog, travmatolog, pediatr, nevrolog, neyroxirurg, oftalmolog, LOR hamda boshqa yo‘nalishlardagi mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rik va maslahatlar beriladi.

Zarur hollarda qo‘shimcha laboratoriya va instrumental tekshiruvlar o‘tkazilib, bemorlarga keyingi davolanish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Tibbiy ko‘rik va diagnostika jarayonlarining aholiga yaqin hududda tashkil etilishi profilaktika, kasalliklarni erta aniqlash hamda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Manzil: Qorako‘l tumani, Acharya University binosi. Vaqti: 14-avgust, soat 08:00 dan. Tibbiy ko‘rikda ishtirok etish uchun barcha fuqarolar faol bo‘lishga chaqiriladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version