Jahon
Bryussel markazida 700 ming guldan yaponcha ulkan gilam yaratildi

Bryusselning tarixiy Gran-Plas maydoni 24-marta o‘tkazilayotgan “Gullar gilami” festivali munosabati bilan ulkan rang-barang kompozitsiyaga aylantirildi. Bu haqda Euronews yozmoqda.
Bu yilgi asar yapon rassomi Katsusika Hokusayning mashhur “Kanagavadagi katta to‘lqin” gravyurasidan ilhomlangan. Kompozitsiya muallifi yapon rassomi Xiro Sugiyama bo‘lib, u eskiz ustida sakkiz oy ishlagan.
Uzunligi qariyb 70 metr, eni 24 metr bo‘lgan gilam uchun 700 mingdan ortiq gul ishlatilgan. Ularning asosiy qismini Belgiya gulchiligiga xos georginalar tashkil etadi. Kompozitsiyada jami 16 xil rang qo‘llangan.
Loyiha Belgiya va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 160 yilligiga bag‘ishlangan. Yuzdan ortiq ko‘ngilli gullarni olti soat davomida maxsus chizma asosida joylashtirgan.
“Gullar gilami” 13–16-avgust kunlari tomoshabinlar uchun ochiq. Mazkur san’at tadbiri Bryussel markaziy maydonida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.