Salomatlik

Yozgi ta’til oldidan bolalar uchun zarur bo‘lgan 5 ta tibbiy tekshiruv

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Yozgi ta’til bolalar uchun nafaqat dam olish, balki o‘quv yilidan keyin sog‘lig‘ini tiklash davri hamdir. Tinimsiz darslar, uy vazifalari va smartfon qarshisida o‘tkazilgan vaqt farzand salomatligiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Daryo yozmoqda.

1. Ko‘z tekshiruvi. Bola maktab doskasidagi yozuvlarni yaxshi ko‘rmayotgani yoki kitob o‘qishda tez charchayotganidan shikoyat qilsa, bu ko‘rish qobiliyati pasayganidan darak berishi mumkin. Yoz fasli oftalmolog ko‘rigidan o‘tish uchun qulay davrdir.

2. Tish salomatligi. Og‘riq bo‘lmasa ham, yiliga ikki marta stomatolog ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi. Shifokor kariyes, yallig‘lanish yoki tish chiqishidagi muammolarni erta aniqlab, davolashni yengillashtiradi.

3. Immunitet va umumiy tahlillar. Bolaning umumiy ahvolini baholash uchun qon va siydik tahlillari topshirilishi mumkin. Zarurat bo‘lsa, pediatr qondagi ayrim vitaminlar miqdorini tekshirtirib, natijalar asosida tavsiya beradi.

4. Ruhiy salomatlik. Maktab bolalar uchun bilim bilan birga stress manbai ham bo‘lishi mumkin. Yozda farzand bilan samimiy suhbatlashish, uning fikrini erkin aytishiga imkon berish, birga sayohat qilish va qiziqishlariga vaqt ajratish muhim. Muammo bezovta qilsa, bolalar psixologiga murojaat qilishdan cho‘chimaslik kerak.

5. Umurtqa pog‘onasi va yelka. Uzoq vaqt o‘tirish va og‘ir sumka ko‘tarish qomatga zarar yetkazishi mumkin. Ayrim bolalarda skolioz — umurtqa pog‘onasining yon tomonga qiyshayishi uchraydi. Bu holat tashqi ko‘rinishdan tashqari nafas olish, ichki a’zolar va umumiy holatga ham ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli yozgi ta’til ortoped yoki fizioterapevt ko‘rigidan o‘tish uchun yaxshi vaqtdir.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version