Buxoro yangiliklari
Jondorda 96 mingga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Yaqin vaqtgacha murakkab tashxis yoki jarrohlik amaliyoti uchun viloyat markaziga borishga majbur bo‘lgan jondorliklar bugun o‘z hududida zamonaviy tibbiyot imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Osiyo taraqqiyot banki, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Ochiq budjet” dasturi ko‘magida shifoxona va oilaviy poliklinikalar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi. “Ochiq budjet” doirasida 814 million so‘mlik artroskop, UTT apparatlari, biokimyoviy va immunoferment analizatorlari xarid qilindi. Mobil va raqamli rentgen, videobronxoskop hamda videokolonoskop apparatlarining ishga tushirilishi kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash imkonini kengaytirdi.
Tumanda profilaktika va skrining tadbirlari ham kengaytirildi. Tibbiyot xodimlarining xonadonbay yurishi va manzilli ko‘riklari natijasida 19 mingdan ortiq fuqaro kardiologiya hamda qandli diabet yo‘nalishlarida skriningdan o‘tkazildi. Kasallik alomatlari aniqlangan 450 nafar bemor dispanser nazoratiga olinib, ularga tegishli sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi.
Profilaktik ko‘riklar bilan tuman aholisining qariyb 96 ming nafari qamrab olindi. Ona va bola salomatligini muhofaza qilish maqsadida 12 mingga yaqin o‘smir va bola tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, 10 ming nafar bola reja asosida emlandi. Xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olishga qaratilgan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkazilib, zarur holatlarda bemorlar respublika darajasidagi yuqori texnologik tibbiyot markazlariga yo‘naltirilmoqda.
Tibbiyotdagi yangilanishlar infratuzilmada ham namoyon bo‘lmoqda. “Qaroli” MFYda 4 milliard so‘mlik 15-sonli oilaviy poliklinika, “Raboti” MFYda esa 2,8 milliard so‘mlik “Xo‘jalik” oilaviy shifokorlik punkti binolari barpo etilmoqda. “Xosakor” va “Burjoq” oilaviy shifokorlik punktlarida ham qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Sohada DMED va boshqa raqamli platformalar joriy etilib, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tibbiy xizmatlarda shaffoflik va qulaylikni oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan davrda jondorlik shifokorlar tomonidan 1 ming 94 ta muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Har bir operatsiya ortida bemorning sog‘ayishi, oilaning quvonchi va tibbiyot xodimlarining mashaqqatli mehnati turibdi.
Kelgusida tumanning o‘zida laparoskopik va murakkab jarrohlik amaliyotlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish, Markaziy shifoxona hududida zamonaviy Diagnostika markazini tashkil etish, 6 nafar yetakchi mutaxassisni nufuzli xorijiy klinikalarda malaka oshirishga yuborish hamda raqamlashtirish jarayonini 129 ta yangi kompyuter to‘plami bilan jadallashtirish rejalashtirilgan.
Jondor tumani tibbiyotidagi yangilanishlar har bir fuqaroning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi, sog‘lom va uzoq umr kechirishi uchun yaratilayotgan amaliy imkoniyatlardir.